
"Qo‘qon-1912" stadionining yoritgichlari yangilanadi
O‘tgan mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkaza olmaganimizning sabablaridan biri sifatida “Qo‘qon-1912” jamoasining o‘z uy o‘yinlarini Qo‘qondagi “markaziy” stadionida o‘tkaza olmaganligi deb yozgan edik.
Albatta, Yaypandagi “O‘zbekiston” stadioni xodimlari jamoamiz a’zolari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishgan bo‘lsa-da (buning uchun ularga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz), baribir o‘z maydoningdagi o‘tkazgan o‘yin boshqacha bo‘ladi. Aytishadi-ku, o‘z uyingda devorlar ham yordam beradi deb. Agar jamoamiz o‘z o‘yinlarini Qo‘qonda o‘tkazganida har bir o‘yinda muxlislarimizning ko‘proq daldasi va qo‘llab-quvvatlashlariga ega bo‘lar edik.
Qo‘qondagi “markaziy” stadioniga O‘zPFL tomonidan yoritgichlar talabga javob bermaganligi sababli taqiq qo‘yilgan edi. Jamoamiz o‘tgan yil boshida Polsha davlatining “Phlipis” kompaniyasi yoritgichlarini o‘rnatish bo‘yicha diler kompaniya bilan shartnoma imzolagan va buning uchun ma’lum miqdorda pul ham to‘langan hamda yoritgichlarning bir qismi Qo‘qonga etib kelgan ham edi. Biroq keyinchalik yuzaga kelgan moliyaviy muammolar sababli kelishilgan summaning qolgan qismini to‘lay olmadik va yoritgichlarning qolgan qismlari ham bizga etib kelmadi.
Jamoamiz rahbariyati kelgusi mavsumga stadionni barcha talablarga javob bera oladigan holatga keltirish uchun allaqachon amaliy ishlarni boshlab yuborishgan. Birinchi o‘rinda stadion yoritgichlari masalasi bilan shug‘ullangan rahbarlarimiz avvalgi kompaniya bilan shartnomani bekor qildi hamda Litva davlatining ZAO “Tranzito paslaugu tsentras” kompaniyasi bilan yangitdan kelishuvga erishdilar. Bu kompaniya ham “Phlipis”ning rasmiy dileri hisoblanadi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida Qo‘qonga etib kelgan “Phlipis” yoritgichlariga yana qo‘shimcha eng so‘nggi rusumdagi yoritgichlar va butlovchi qismlar keltiriladi va “markaziy” stadion PFL talab qilgan yorug‘lik lyuksiga ega bo‘ladi.
Kecha yuqoridagi kompaniya hisob raqamiga kelishilgan miqdordagi pul mablag‘lari to‘lig‘icha o‘tkazib berildi. Endi Litva kompaniyasi dekabr oyi ichida, uzog‘i bilan yanvar oyida yoritgichlarni Qo‘qonga etkazib berish masalasini hal qiladi hamda yangi yilning yanvar oyida “markaziy” stadionda yoritgichlarni o‘rnatish ishlari olib boriladi. Qolaversa, stadionimiz chimini yangi mavsumgacha futbol o‘ynash uchun ideal holatga keltirish, maydon chimiga mutaxassislar bilan maslahat qilgan holda ishlov berish bo‘yicha ham ishlar shu kunlarda boshlanadi. Xullas, kelgusi mavsumni muxlislarimiz qarshisida va barcha talablarga javob beradigan chiroyli stadionda o‘tkazamiz.
“Qo‘qon-1912” matbuot xizmati.
Fikrlar