"Qo‘qon-1912" — "Nasaf" uchrashuvini boshqargan hakamlar qancha muddatga chetlatild
Hakamlar qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Yig‘ilish davomida hakamlikni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar hamda Superliga va Proliga uchrashuvlarida hakamlar faoliyati bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Kun tartibidagi birinchi masalada Hakamlar akademiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni sifatli tashkil etish, yosh hakamlar uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularning malakasini oshirish va xorijiy tillarni o‘rganishiga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Kun tartibidagi ikkinchi masalada esa Superliga o‘yinlarida ayrim hakamlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar tahlil qilindi.
Jumladan, 5-tur doirasidagi "Surxon" — "Buxoro" uchrashuvida bosh hakam Firdavs Norsafarov tomonidan qoidalar bir xil mezonda qo‘llanmagani, 6-turdagi "Andijon" — "Navbahor" bahsida bosh hakam Nayim Qosimov tomonidan mezbonlar bosh murabbiyiga nisbatan yetarlicha qat’iy chora ko‘rilmagani qayd etildi.
Shuningdek, 6-turdagi "Qo‘qon-1912" — "Nasaf" uchrashuvida bosh hakam Rustam Lutfullin hamda VAR hakami Ibrohim Ismoilov tomonidan qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi.
Hakamlar qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, Nayim Qosimov va Firdavs Norsafarov ogohlantirildi."Qo‘qon-1912" — "Nasaf" bahsini boshqargan bosh hakam Rustam Lutfullin va VAR hakami Ibrohim Ismoilov esa yo‘l qo‘ygan xatolari uchun Superliga, Proliga hamda O‘zbekiston kubogi o‘yinlaridan birinchi davra yakuniga qadar chetlatildi. Shuningdek, har ikki hakam Birinchi ligaga tushirildi.
Bu haqida O‘zFHM matbuot xizmati xabar berdi.
Fikrlar