Qozog‘istondagi hangoma yoxud Bobur Tagiev chempion!

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

25 oktyabr kuni Qozog‘istonning Almati shahrida “Bushido Qozog‘iston” promouterlik ligasi tomonidan K-1 yo‘nalishida katta turnir o‘tkazildi. Biz uchun ahamiyatli jihati, ushbu turnirda uch nafar hamyurtimiz Bobur va Jamshid Tagiev hamda Sanjar Saidmurodov ishtirok etdi. 71 kg vazn toifasida super sakkizlik, ya’ni KOK (King of Kings) chempionlik janglarida Bobur Tagiev barcha raqiblarini mag‘lub etib, chempionlik maqomiga ko‘tarilgan bo‘lsa, 75 kg vaznda "Super Fight" yo‘nalishida Jamshid Tagiev ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Mazkur turnirda ba’zi ajablantiradigan voqeliklar ham yuzaga keldi. Jumladan, Bobur Tagiev final jangida mezbon Jonibek Kanatboevni mag‘lub etdi. G‘olib nomini rossiyalik mashhur boshlovchi Aleksandr Zagorskiy e’lon qildi. Kutilganidek, Zagorskiy hamyurtimizning g‘alabasini e’tirof etdi. Shunda ringga turnir homiylaridan biri ko‘tarilib, bu g‘alaba haqqoniy emasligini, yon hakamlarni barchasi o‘zbekistonlik ekanligini ma’lum qilib, g‘alaba Kanatboevniki, deya e’lon qildi. Shundan so‘ng, ringga O‘zbekiston K-1 federatsiyasi raisi Jasurbek Ne’matov chiqib keldi va hakamlarning biri afg‘onistonlik, boshqasi esa qozog‘istonlik ekanligini aytib, o‘zbek jangchisi adolatli g‘alabaga erishganini ma’lum qildi. Xullas, kattagina mashmasha yuzaga keldi. Biz ushbu mojaro nima bilan tugaganligini bilish maqsadida Jasurbek Ne’matov bilan bog‘landik.

jasur aka

- Bilasizmi, bevosita ushbu turnirni o‘zbekistonlik muxlislar ham Youtube tarmog‘i orqali tomosha qilishdi. Shuning uchun barchasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan yurtdoshlarimiz ko‘plab topilsa kerak. Bobur katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi. Super sakkizlik turniri juda qiyin ekanligini aksariyat muxlislar yaxshi biladi. Bir kunning o‘zida uch marotaba jang o‘tkazadi. Bobur haqiqiy mahorat egasi ekanligini isbotlab, raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Albatta, finalda mezbonlar vakilini mag‘lub etganidan so‘ng, shunday holat yuzaga keldi. Vaholanki, bizni va hakamlarimizni taklif qilgan asosiy tashkilotchilar bilan ko‘p yillik qadrdonmiz... Ular bizga ishonishadi. Ringga chiqib kelib, barcha hakamlar o‘zbekistonlik ekanini aytgan odam homiylardan biri edi, xolos! Shunday bo‘lsa-da, chiqib, final jangida ishlagan ikki yon hakam afg‘onistonlik va mezbonlar vakili ekanligini isbotlab berdim. Bir so‘z bilan aytganda, biz o‘z sportchimizning manfaatlarini himoya qila olishimizga ishonch hosil qildi. Yakunda, barchasi ijobiy ko‘rinish oldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!