Rafinya “Barsa” rahbariyatiga shubhalari borligini ma’lum qildi
“Barselona” hujumchisi Rafinya klub rahbariyatiga oʻz kelajagi haqida oʻylab yurganini bildirgan. Manbaga koʻra, braziliyalik futbolchining kayfiyatiga joriy mavsumda olgan jarohatlari qattiq taʼsir qilgan. Shu sababli u oʻtgan yildagi darajasini namoyish eta olmagan.
Xabarga koʻra, Rafinya kataloniyaliklarning UEFA Chempionlar ligasi chorak finalida Madriddning “Atletiko” jamoasiga magʻlub boʻlib, musobaqani erta tark etganini ham juda ogʻir qabul qilgan. U oʻsha oʻyinlarda jamoasiga yordam bera olmagan.
“Barselona”da 29 yoshli futbolchining rostgoʻyligini yuqori baholashyapti. Taʼkidlanishicha, bosh murabbiy Hans-Diter Flik va sport direktori Deku unga toʻliq ishonishini bildirgan.
Klub Rafinyaga kelajagi haqida qaror qabul qilish uchun qancha vaqt kerak boʻlsa, shuncha imkoniyat berishga tayyor.
Superklub mutasaddilari soʻnggi mavsumlarda jamoa muvaffaqiyatlariga katta hissa qoʻshib kelgan braziliyalik yulduz faoliyatini aynan “Barselona”da davom ettiradi, deb hisoblamoqda.
Joriy mavsumda Rafinya klub va terma jamoa safida jarohatlar sabab 23 ta uchrashuvni oʻtkazib yubordi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil yozigacha moʻljallangan.

Fikrlar