
Ramazon Temirov bir yil janglarda ishtirok eta olmaydi
"Combat Sports Anti-Doping" (CSAD) tashkiloti o‘zbekistonlik jangchi Ramazon Temirovni antidoping qoidalarini buzgani uchun bir yilga diskvalifikatsiya qildi. Bu haqda UFC ning rasmiy saytida xabar berildi.
Temirovdan olingan doping namunasidan trimetazidin (TMZ) aniqlangan. U ko‘proq yurak kasalliklarida qo‘llaniladigan dori bo‘lib, UFC ning taqiqlangan moddalar ro‘yxatida “gormonal va metabolik modulyatorlar” sinfiga kiradi. TMZ har qanday vaqtda qo‘llanilishi mutlaqo taqiqlangan.
Namunalar 2025 yil 12 iyun va 4 iyul kunlari Tailandning Pxuket shahrida, musobaqadan tashqari tekshiruv chog‘ida topshirilgan. Chunki Temirovga birinchi natija haqida ikkinchi sinovdan oldin xabar berilmagani bois, har ikkala holat yagona qoidabuzarlik sifatida baholandi.
Temirov CSAD bilan intervyuda preparatni ishlatganini ochiq tan oldi. U dori ta’qiqlanganini tekshirmagan va shuni tayinlagan shifokorga sportchi sifatida testdan o‘tishi haqida ma’lumot bermagan. Biroq sportchimiz TMZ unga tibbiy ko‘rsatma asosida belgilanganini va qisqa muddat qo‘llanilganini isbotlay oldi, bu esa jazo ta’sirini minimal darajaga tushirdi.
Eslatib o‘tamiz, Ramazon Temirov UFC da ikkita jang o‘tkazib, har ikkisini ham g‘alaba bilan yakunlagan.
Fikrlar