“Real” “Barsa” g‘oyasini yanchib tashladi
La Liga rahbariyati chempionatning 17-turidan o‘rin olgan “Vilyarreal” va “Barselona” o‘rtasidagi uchrashuvni AQShning Mayami shahrida o‘tkazish g‘oyasi bekor bo‘lganini ma’lum qildi. Bu uchrashuv 20 dekabrga mo‘ljallangan edi.
- La Liga ispan futbolini internatsionalizatsiya qilish imkonini beruvchi ushbu ajoyib va tarixiy loyihaning amalga oshirishni imkoni bo‘lmaganini chuqur afsus bilan ma’lum qiladi.
Rasmiy uchrashuvni mamlakatimiz sarhadlaridan tashqarida o‘tkazish milliy chempionatimiz kengayishiga, klublarimizning xalqaro tajribasi oshishiga, o‘yinchilarimizning yanada kengroq tanilishiga, ispan futboli brendini AQShdek strategik bozordagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida hal qiluvchi qadam bo‘lardi, - deyiladi La Liga bayonotida.
Bu bayonot Mayamidagi uchrashuv tashkilotchilari tadbirni yuqori darajada o‘tkazish uchun vaqt etishmasligini va shu sabab o‘yinni o‘tkazish imkoni yo‘qligini ma’lum qilganidan keyin berildi.
Aytish joizki, kataloniyaliklarning tashabbusi bo‘lgan chempionat o‘yinlarini xorijda o‘tkazish g‘oyasiga “Barselona”ning ashaddiy raqibi “Real” jiddiy qarshilik ko‘rsatayotgan edi.
Fikrlar