
“Real” va “Inter”ning taqdiri qil ustida (prevyu)
UEFA Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga qur’a tashlanganda “B” guruhi ko‘pchilik uchun yakuni ma’lum to‘rtlik sifatida namoyon bo‘lgandi. “Real”ning avlodlar almashinuvidagi muammolari “Borussiya” Myunxengladbax va “Shaxtyor” kabi raqiblarga qarshi ham bilinib qolishini kutmagan edik. “Inter” yozgi transferlar oynasi vaqtidagi siyosatidan EChLda raqobatbardosh va A Seriyadagi etakchi jamoa bo‘lishga va’da bergandek ko‘ringandi. Ammo bugun ularning har ikki frontdagi natijalari ham qoniqarli emas. “Borussiya” Myunxengladbax va “Shaxtyor” raqiblardagi bo‘shashishdan o‘z vaqtida foydalana olgani bilan ham e’tirofga sazovor. Ayniqa, nemis klubi EChLdagi kuchli o‘yinlari bilan e’tiborni tortmoqda.
“Real” - “Borussiya” Myunxengladbax
“Real”
Tig‘iz taqvim ostida o‘tayotgan mana bunday davrda bir futbolchiga suyanib qolgan jamoalar hammadan ham ko‘proq narsa yutkazishi aniq. Sababi, ushbu futbolchi tinimsiz ravishda asosiy tarkibda maydonga tushib, tiklanish jarayoniga kamroq vaqti bo‘ladi va jarohatlarga moyilligi oshadi. “Qirollik klubi” ham Ronaldu ketgach, etakchisiz o‘ynay oladigan, jamoaviy futbol bilan natijaga erishadigan klub sifatida ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘layotgandi. Biroq, ularning o‘yini boshqa bir “matador”ga bog‘lanib borayotganini sezmay qolibmiz. Serxio Ramos jamoani tom ma’noda o‘tgan mavsumda La Liga chempionligigacha etaklab keldi. Benzema ko‘p jihatdan unga yordam berganini ta’kidlab o‘tishimiz kerak. Ammo Kroos, Modrich, Marselodek veteranlar qatori u ham barqarorlikdan uzoq yurdi.
Shu paytgacha yuqori saviyali markaziy himoyachi sifatida tan olib keladiganimiz Rafael Varan bir o‘zi mudofaani eplay olmasligini arzimagan bir-ikki oy ichida ko‘rsatib qo‘ydi. Jamoaga ulkan umidlari bilan olib kelingan Eder Militaoning “Shaxtyor”ga qarshi bahsdagi xatti-harakatlari hali-hamon madridliklar ixlosmandlarini jig‘ibiyron qilayotgan bo‘lishi aniq. Eden Azar haqida esa ko‘p gapirdik - u sevimli muolajalarini olishda davom etmoqda.
“Real” muxlislari baxtiga, bugun Ramos maydonga tusha oladi. Biz to‘liq kuchdagi “galaktikos”ni ko‘ramiz. Mana shu holda ham kerakli natijani qayd eta olmasa, ular Evropa Ligasini bo‘yniga olib, xafa bo‘lmay o‘z ustida ishlashda davom etsa bo‘laveradi.
Taxminiy tarkib: Kurtua, Vaskes, Varan, Ramos, Mendi, Modrich, Kroos, Kazemiro, Vinisius, Benzema, Asensio.
Ishtirok eta olmaydi: Valverde, Azar, Yovich.
So‘roq ostida: Karvaxal, Mariano.
Zinedin Zidan: “Qiyin bo‘lishini anglab turibmiz. Men doim pozitivman va g‘alaba qozona olishimizga ishonaman. 3 ochkoni qo‘lga kiritish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni amalga oshiramiz. Barcha futbolchilar va klublar yuqori bosim ostida o‘ynashga o‘rganib qolgan. Bu kabi o‘yinlarga o‘rganib qolganmiz. Tavakkal qilishga arziydigan o‘yin. Biz emotsiyalarimizni jilovlashimiz va yaxshi tayyorlanishimiz darkor.
Bu Germaniyadagi bahsdan farq qiladigan uchrashuv bo‘ladi. Sababi, vaziyat bu gal ancha o‘zgargan. Barcha o‘yinlar muhim, ammo ayni shu bellashuv bizning jamoa sifatida qanday kuchga ega ekanligimizni ko‘rsatib berishi mumkin”.
“Borussiya” Myunxengladbax
Marko Roze shogirdlari bugun Madridga pley-offga chiqib bo‘lgan holda tashrif buyuurishlari mumkin edi. Germaniyadagi bellashuvda bir necha daqiqa ichida qo‘yib yuborilgan 2 ta gol ularni qimmatli 2 ochkodan mahrum etdi. Bugungi o‘yindagi to‘g‘ri himoyalanish va durang natija ham ularni keyingi bosqichga olib chiqishi hamda “Real”ni guruhda qoldirib ketishi mumkin. “Shaxtyor”ga qarshi ikki uchrashuvda 10 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan myunxengladbaxliklar 5-turda alamli tarzda “Inter”ga mag‘lub bo‘ldi.
Germaniya Bundesligasida ham natijalar bir tekisda emas. Jamoa 10 ta tur yakunlariga ko‘ra, 16 ochko jamg‘argan holda 7-o‘rinda bormoqda. Liga bellashuvlarini ham solishtirgan holda ayta olamizki, ushbu klub ishtirokidagi o‘yinlar har ikkala tomonning ko‘plab gollarni kiritishi bilan o‘tadi.
Marko Roze Lilyan Tyuram va Alassan Pleadan hujumda juda to‘g‘ri foydalana olyapti. Muvaffaqiyatlar kaliti sifatida ham shuni aytishimiz mumkin.
Taxminiy tarkib: Sommer, Leyner, Elvedi, Ginter, Vendt, Kramer, Noyxaus, Latstsaro, Shtindl, Tyuram, Plea.
Ishtirok eta olmaydi: Bensebaini, Xofmann.
Marko Roze: “Bu kabi yuqori darajadagi o‘yinga “Santiago Bernabeu” stadioni ko‘proq mos tushardi. Afsuski, buning iloji bo‘lmayapti. Jamoamiz ushbu uchrashuvda tarixiy natijani qayd etishi mumkin. “Real”ni musobaqadan chiqarib yuborish u qadar muhim narsa emas. Biz o‘z natijamizga erishish uchungina harakat qilamiz. Raqobatga tayyor holatdamiz va o‘z ustunligimizdan unumli foydalanmoqchimiz”.
“Inter” - “Shaxtyor”
“Inter”
“Nerradzurilar” ushbu bahsga 3 ta ketma-ket g‘alaba bilan tashrif buyurmoqda. Har uchala bellashuvda Antonio Konte shogirdlari 3 tadan to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Klub matbuot xizmati vakili Paolo Merikuchchining ma’lum qilishicha, bu Lautaro Martines uchun milanliklar tarkibidagi 100-o‘yin bo‘ladi. Bugungi muhim bellashuvda u ikki hissa kuch bilan oldinga tashlanishi aniq.
Bugungi bellashuvda “Inter” yarim himoyasida yo‘qotishlar mavjudligi ko‘rinmoqda. Arturo Vidal ortidan Nikolo Barella ham 6-turni o‘tkazib yuborishi mumkin. Bu jamoaning daniyalik yarim himoyachisi Kristian Eriksen uchun ajoyib imkoniyat bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Galyardini va Brozovich maydon markazida Kontega manzur keladigan o‘yinni namoyish etishga shay holatda bo‘lib turibdi.
Yana bir muhim jihat shundaki, jamoaning asosiy quroli hisoblangan Romelu Lukaku tarkibda bor va bu g‘alaba kaliti bo‘lishi mumkin.
So‘nggi bellashuvlarda marokashlik qanot himoyachisi Ashraf Hakimi ham e’tirofga mos tarzdagi o‘yinlarni namoyish etib kelmoqda.
Konte va uning shogirdlarini bugun g‘alaba ham qanoatlantirmasligi mumkin. Guruhda taqdiri o‘z qo‘lida bo‘lmagan yagona ishtirokchi aynan “Inter”!
Taxminiy tarkib: Xandanovich, Shkrinyar, De Vrey, Bastoni, Brozovich, Galyardini, Eriksen, Yang, Lukaku, Lautaro.
Antonio Konte: “Haqiqatga tik boqishimiz shart - g‘alaba qozonishga majburmiz. Bir hafta oldin deyarli imkonsiz qolgandik. Endi umid uchqunlari bor. Madriddagi bellashuv taqdiridan u qadar xavotirlanmayapman. Bizda bir nechta yo‘qotishlar mavjud, ayniqsa yarim himoyada! Vidal biz bilan emas. Ammo o‘tgan turda usiz ham g‘alabaga erishishni uddalagandik. O‘z kuchimizga ishonishimiz zarur”.
“Shaxtyor”
Ha, “Borussiya” Myunxengladbax har ikkala o‘yinda ham donetskliklar bilan xohlaganini qildi. Bu jihatdan ularning guruh peshqadami bo‘lib turgani tushunarli holat. Biroq, ukrain klubi “Real”ni har ikkala bahsda ham mag‘lubiyatga uchratgani bilan hamon pley-off umidini saqlab qolgan. Bugun Milanga borgan tarkibning hech birini Evropa Ligasi yo‘llanmasi ham qoniqtirmasa kerak. Ular faqat g‘alaba va keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun o‘ynashi aniq.
Ammo kichik muammo mavjud. Luish Kashtru jamoasida bir qator muhim futbolchilar jamoasiga yordam bera olmaydi. Kornienkoning tarkibda emasligi u qadar katta yo‘qotish emas, ammo Konoplyanka, Izmaili, Junior Moraes va Fernando haqida bunday fikr bildira olmaymiz.
Xocholova hamda Detinoning ahvoli mavhumligicha qolayotgani esa “dard ustiga chipqon” bo‘ldi.
O‘tgan mavsumda Evropa Ligasi yarim finalida ushbu klublar to‘qnash kelgandi va Milan klubi yirik g‘alabani qo‘lga kiritgan. Bugun ana shu mag‘lubiyat uchun o‘ch olishning ayni payti.
Taxminiy tarkib: Pyatov, Dodo, Bondar, Vitao, Matvienko, Marlos, Stepanenko, Kovalenko, Tete, Detino, Taison.
Ishtirok eta olmaydi: Kornienko, Izmaili, Konoplyanka, Junior Moraes, Fernando.
So‘roq ostida: Xocholova, Detino.
Luish Kashtru: “Biz konsentratsiyani to‘liqligicha “Inter”ga qaratganmiz. G‘alaba uchun qanday rejamiz bor? Umuman “Inter”dan farq qilmaydi: ishtiyoq, xarakter va keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga bo‘lgan kuchli intilish orqali. Himoyada tartibli harakat qilish barchasidan muhim. Futbolchilarim ham ruhiy, ham jismoniy tarafdan o‘yinga shay holatda.
Men mag‘lubiyatlar haqida bosh qotirishdan ko‘ra, g‘alabalarimiz xususida to‘xtalishni afzal ko‘raman. Qo‘limizdagi natijalar oldinda kutib turgan bahsda ham bizga ta’sir ko‘rsatishi aniq.
Xulosa o‘rnida
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib, Madriddagi bellashuvda “golli quvlashmachoq” kutishimiz mumkin. Nemislar o‘yin avvalida biroz tempni pasaytirishga urunishi va natija uchun o‘ynashi aniq. Bu jarayon yoki “Real” gol urgach, yoki tinimsiz hujum qilib, charchab qolganidan so‘nggina o‘zgaradi.
“Juzeppe Meatstsa” stadionida bo‘lib o‘tuvchi o‘yin esa mezbonlarning ishonchli hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlanadigandek ko‘rinmoqda. Bu qadar katta yo‘qotishlar bilan Kashtru shogirdlarining g‘alaba qozonishi haqiqiy mo‘jiza bo‘lardi. Futbolda esa mo‘jizalar uchrab turadi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, bizni o‘ta qiziqarli uchrashuvlar kutib turibdi. Sizda tanlov imkoniyati ancha keng. Shuningdek, EChL grandlari ishtirokidagi o‘yinlar saytimizda matnli translyatsiya tarzida e’tiboringizga havola etilishini aytib o‘tmoqchiman.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar