"Real" va Vinisius oʻrtasidagi mojaro sababлари ochildi
«Real Madrid» va hujumchi yarim himoyachi Vinisius Zunior oʻrtasida shartnomani uzaytirish boʻyicha muzokaralar qariyb ikki yildan beri davom etmoqda. Shunga qaramay, tomonlar hali ham umumiy yechimga yaqinlasha olmayotgani aytilmoqda.
Bu haqida Globo nashri muxbiri Kahe Mota xabar berdi.
Manba maʼlumotiga koʻra, Braziliya terma jamoasining jahon chempionatidan chiqib ketganidan soʻng «Real» futbolchiga yangilangan shartnoma taklif etgan. Biroq bu variant ham Vinisius tomonini toʻliq qoniqtirmagan.
Ayni paytda Vinisius yiliga taxminan 18,5 million yevro maosh olmoqda. Klub prezidenti Florentino Peres esa uning ish haqini eng koʻpi bilan 20 million yevrogacha oshirishga tayyor. Shu bilan birga, muzokaralardagi asosiy tortishuv maosh atrofida emas, balki imzo uchun toʻlanadigan bonus miqdorida kechayotgani taʼkidlanmoqda.
«Real» rahbariyatining fikricha, klubda allaqachon oʻynab kelayotgan futbolchi erkin agentga qaraganda kamroq imzo bonusi olishi kerak. Kilian Mbappe transferi ham aynan shu tamoyilga asoslangan holda rasmiylashtirilgan edi.
Vinisius tomoni vakillari esa talab qilayotgan bonus miqdori «Real» uning oʻrniga yangi futbolchi olib keladigan boʻlsa, toʻlashga tayyor boʻlgan summadan ancha kamligini uqtirmoqda. Globo maʼlumoticha, har ikki tomon oʻz pozitsiyasidan chekinmayapti, shu bois muzokaralar yozgi transfer oynasi yopilguniga qadar davom etishi mumkin.
Manba qoʻshimcha qilishicha, Vinisiusning oʻzi ham qaror qabul qilishga shoshilmayapti. Yanvar oyidan boshlab u erkin agent maqomiga ega sifatida istalgan klub bilan muzokara olib borish huquqini qoʻlga kiritadi. Shu bilan birga, amaldagi shartnomasiga koʻra nazarda tutilgan imzo bonusining katta qismini olish imkoniyati ham paydo boʻladi.
Avvalroq Vinisius «Arsenal» klubi bilan shartnoma shartlarini kelishib olgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Fikrlar