
“Real” Vinisius o‘rnini boshqa to‘purarga topshiradi
Evropa matbuoti “Real” rahbariyati Vinisius Junior bilan xayrlashishga tayyor ekan haqida ma’lumot tarqata boshladi. O‘z o‘rnida, madridliklar braziliyalik yulduz o‘rnini bosa oladigan hujumchi ham topib qo‘ydi.
The Athletic nashrining ma’lum qilishicha, agar Vinisius Junior klubni tark etadigan bo‘lsa, mutasaddilar uning o‘rniga “Manchester Siti” to‘purari Erling Xolandni olib kelishga harakat qiladi.
“Qirollik klubi” aslida norvegiyalik to‘purarni u “shaharliklar” safiga qo‘shilgan 2022 yildan avval ham olishni reja qilgan edi.
Vinisiusning o‘zi esa, klubning amaldagi shartnomani 2030 yilning yozigacha uzaytirish taklifini qabul qilmadi. Hujumchiga klub va’da qilgan 15-20 million atrofidagi yillik maosh kamdek tuyulmoqda.
24 yoshli hujumchi yillik mehnatini 30 million evroga baholayapti. Vinisiusni Saudiya Arabistoni klublari o‘z safiga chorlayapti. Ular braziliyalik yulduz besh yillik shartnoma imzolasa, bu muddat uchun bir milliard evro miqdorida maosh berishga tayyor.
Fikrlar