Rekordga bir lahza ketmadi

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Ikki karra jahon chempioni Sherika Jekson Xitoyning Syamen shahrida engil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan Diamond League bosqichida ayollar o‘rtasidagi 200 metrgа yugurish bahsida ishonchli g‘alabaga erishdi.

Yamaykalik sportchi 21,87 soniya natija qayd etib, musobaqa rekordini yangiladi. Shuningdek, u jahonning eng yaxshi mavsumiy natijasidan atigi 0,01 soniyaga ortda qoldi.

Jekson startdanoq peshqadamlikni qo‘lga oldi va masofaning burilish qismida ustunligini yanada oshirib, raqibalarini ortda qoldirdi.

Shona Miller-Uybo 22,04 soniya natija bilan ikkinchi, Anavia Battl esa 22,29 soniya bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Har ikki sportchi o‘zining mavsumdagi eng yaxshi natijasini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Jeksongа jiddiy raqobat ko‘rsata olmadi.

2023 yildagi jahon chempioni Sha’Karri Richardson ham mavsumdagi eng yaxshi natijasini qayd etib, 22,38 soniya bilan to‘rtinchi bo‘ldi.

Buyuk Britaniya vakili, jahon chempionati kumush medali sohibi Emi Xant esa to‘qqiz nafar ishtirokchi orasida yettinchi o‘rinni egalladi.

Syamendagi musobaqaning yana bir eng yorqin voqeasi nayza uloqtirish bahsida kuzatildi.

Xitoylik 18 yoshli sportchi Yan Ziyi 71,74 metr natija qayd etib, ayollar nayza uloqtirishi tarixidagi eng yaxshi ikkinchi natija muallifiga aylandi.

Yan 17 yoshidayoq o‘smirlar o‘rtasida jahon rekordini o‘rnatgan edi. 18 yoshga to‘lganidan bir kun o‘tib esa u Diamond League rekordi, Osiyo rekordi va 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon rekordini yangiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!