
"Roland Garros". Grandlari turnir bilan xayrlashishni boshladi
"Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi navbatdagi musobaqa hisoblanuvchi "Roland Garros" turnirida favoritlar kurashga qo‘shildi.
Turnir avvalida kuchlilar safida e’tirof etilgan Endi Marrey o‘zining ilk uchrashuvidayoq turnir bilan xayrlashdi. O‘zi kabi kuchli raketka ustasi Stanislas Vavrinka bilan ushbu bosqichda duch kelib qolgan britaniyalik shveytsariyalik raqibiga ortiqcha muammo tug‘dira olmadi. Yakuniy hisob: 6:1, 6:3, 6:2.
Shuningdek, xorvatiyalik Borna Chorich ham o‘z yurishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Slovakiyalik Norbert Gomboshga qarshi kortga chiqqan Borna 6:4, 3:6, 6:3, 6:4 hisobida yutqazdi. Bahs davomida eyslar, birinchi to‘pdagi samaradorlikda ustunlik qilgan, qo‘shxatolarga kamroq yo‘l qo‘ygan Chorich yakunda raketkalarini g‘ilofga joylashga majbur bo‘ldi.
Biroq bir qancha yuqori reytingdagi raketka ustalari ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlay olishdi. Jumladan, Aleksandr Zverev avstriyalik Dennis Novakni 3 set hisobida mag‘lub etdi. O‘yin nemis tennischisining 7:5, 6:2, 6:4 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.
Bundan tashqari, Rimdagi "Masters" turniri finalchisi Diego Shvartsman o‘ta xotirjamlik bilan serbiyalik Miomir Kechmanovich ustidan zafar quchdi. 3 set davomida atigi 4 ta geymni boy bergan Shvartsman 6:0, 6:1, 6:3 hisobida "qo‘llarini qizdirib oldi".
Fikrlar