
“Roma” hal qiluvchi pallada katta yo‘qotishga uchradi. Shomurodov esa...
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Italiya A Seriyasining yakuniy qismini katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda. Chunki O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Roma” hal qiluvchi pallada Evropa Chempionlar ligasiga chiqish uchun da’vogarlik qilmoqda.
29 yoshli legionerimiz bu murakkab jarayonda rimliklarning ishongan o‘yinchisiga aylandi. “Roma” chempionatdagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 19 taga uchrashuvga etkazib oldi va qo‘lga kiritilayotgan ochkolarda Shomurodovning hissasi juda katta bo‘lmoqda.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari orasida “Roma” muxlislari ko‘pligini inobatga olib, “bo‘rilar” klubiga oid xabarlarni ularning e’tiboriga havola qilishni davom ettiradi.
Jamoa sardori endi jamoaga yordam bera olmaydi
“Roma” sardori Lorentso Pellegrini so‘nggi o‘yinlarda Klaudio Raneri taktikasida hujumchilar ortida joylashib, Eldor Shomurodov va Artyom Dovbikni to‘p bilan ta’minlash vazifasini bajarib kelayotgan edi.
Biroq 36-turda “Atalanta” bilan bo‘ladigan o‘yinga tayyorgarlik jarayonida tajribali yarim himoyachi jarohat oldi va bu mavsum boshqa maydonga tusha olmaydi.
Sky Sport Italia nashrining oydinlik kiritishicha, mashg‘ulotlar davomida Pellegrini o‘ng oyoq tizzasi osti bo‘g‘imini shikaslab olgan. Bu turdagi jarohatni davolash ikki oygacha vaqt oladi. Bu Pellegrini uchun joriy mavsum yakunlanganini anglatadi.
“Roma” chempionatning qolgan uchta uchrashuvida “Atalanta”, “Milan” va “Torino” bilan kuch sinashishi kerak. Raneri shogirdlari Evropa Chempionlar ligasiga chiqishi uchun bu bahslarning barchasida g‘alaba qozonishi talab etiladi.
28 yoshli Pellegrini “bo‘rilar” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq asosiy tarkibga kira olmagani uchun 2015-2017 yillar davomida “Sassuolo”ga o‘tib ketgan. Keyin “Roma” uni 10 million evro to‘lab, qariyb o‘n baravar qimmatiga yana o‘z safiga qaytargan. Shundan beri Pellegrini “bo‘rilar” safida o‘ynab keladi.
Klaudio Raneri – eng zo‘r murabbiy
Italiya A Seriyasini kuzatib borayotgan futbol muxlislari 2024-2025 yilgi mavsumning eng yaxshi murabbiyini aniqlab berdi.
Bu borada tashkil etilgan so‘rovnomada ishtirok etgan ishqibozlarning 58 foizi “Roma” ustozi Klaudio Ranerini eng yaxshi murabbiy, deb topdi. “Roma” rahbariyati mavsum boshida Daniele De Rossi va Ivan Yurich natijalaridan qoniqish hosil qilmagani uchun jamoa boshqaruviga faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan Kaudio Ranerini taklif qildi.
O‘tgan mavsumda “Kalyari”ni yuqori divizionda olib qolganidan keyin futbolni tark etgan 73 yoshli mutaxassis faqatgina o‘ziga qadrdon bo‘lgan Rim klubidan taklif bo‘lgan taqdirdagina faoliyatini qayta tiklashini bildirgan edi.
Amalda shunday bo‘ldi. 2024 yilning noyabr oyi o‘rtalarida “Roma”ni qabul qilib olgan Raneri jamoani musobaqa jadvalining ikkinchi qismidan yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoalar darajasiga ko‘tardi.
Quvonarli tomoni, “Kalyari”ni yuqori divizionda olib qolishda katta xizmat ko‘rsatgan Eldor Shomurodov, bu gal Klaudio Raneri qo‘l ostida “Roma”ning eng muhim figuralaridan biriga aylandi. Xususan, Shomurodov rimliklarning oxirgi beshta uchrashuvidan to‘rttasida ikkitadan gol va assist qayd etib, jamoa hisobiga qimmatli ochkolarni keltirdi.
Shomurodov – muvaffaqiyatlar garovi!
Italiyalik futbol eksperti Simone Bralya “Roma” bosh murabbiyi Klaudio Raneri haqida fikr bildirar ekan, tajribali mutaxassis jamoani qanday o‘zgartira olgani, xususan, Eldor Shomurodovning Rim klubidagi faoliyati yangi darajaga ko‘tarilishida muhim rol o‘ynaganini ta’kidladi.
- Ranerining “Roma”ni qanday o‘zgartirib yuborgani murabbiyning shaxsiyati qanchalar muhim ekanining yaqqol namunasidir. Klaudio bor mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, klub xo‘jayinlarining xotirjam uxlashiga sharoit yaratib berdi.
Uning qo‘l ostida jamoa ham juda samarali mehnat qila boshladi. Mana, natijalar ham shundan dalolat bermoqda.
Klaudio Raneri jamoaning barcha o‘yinchilarini jonlantirib yubordi. Xatto bungacha hech bir murabbiy ko‘ra olmagan Eldor Shomurodovning salohiyatini yuzaga olib chiqdi, - dedi futbol eksperti Simone Bralya.
O‘z navbatida, Klaudio Raneri ham, avvalroq o‘zbekistonlik futbolchining iqtidori va harakatlarini yuqori baholab, uning jamoadagi o‘rnini namoyon bo‘lishida o‘yin sifatlari muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
- Eldorning biz uchun har kuni qilayotgan katta hajmdagi ishlari va o‘zini jamoaga to‘liq bag‘ishlashini inobatga olgan holda aytishim kerakki, u “Roma”ning juda muhim futbolchisidir.
Shomurodov futbolni huddi mendek his qiladi va har doim yuz foiz o‘zini ishga bag‘ishlab o‘ynab o‘ynaydi, hech qachon o‘zini chetga olmaydi. Men uning bu xislatlaridan chin ko‘ngildan hayratlanaman.
Muxlislar ham uning aynan mana shu fazilatlari uchun juda yaxshi ko‘radi va qadrlaydi, - dedi Klaudio Raneri.
Joriy mavsumda ikki marotaba Rimdan ketishga yaqin kelgan Eldor Shomurodov hozirgacha A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasida jami 34 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini etti bor ishg‘ol qildi va jamoadoshlarniga beshta golli pas uzatdi.
“Roma” rahbariyati o‘zbek futbolchisining klubdagi xizmatlarini inobatga olib, u bilan amaldagi shartnomani 2027 yilning 30 iyuniga qadar uzaytirdi.
Husanov jamoasiga yaxshi xabarlar kela boshladi!
Fikrlar