Ronaldu Masharipov bilan Dubayda uchrashadi
Osiyo elit chempionlar ligasi doirasida Saudiya Arabistonining “An-Nasr” jamoasi Eronda “Istiqlol” futbolchilari bilan kuch sinashishi kerak.
Marca nashri saudiyaliklar 22 oktyabrga belgilangan uchrashuvda qatnashish uchun Eronga borishni istamasligini ma’lum qilgan edi.
“An-Nasr” klubi Yaqin Sharqdagi siyosiy vaziyat tufayli o‘z jamoasi futbolchilari, xususan, Krishtianu Ronalduning hayotini xavfga qo‘ymoqchi emasligini ta’kidlagan.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “An-Nasr” va “Istiqlol” o‘rtasidagi uchrashuv Tehrondan Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga ko‘chirildi.
AS nashrining ta’kidlashicha, uchrashuvning ko‘chirish haqidagi qaror xavfsizlikni ta’minlash maqsadida chiqarildi.
Biz uchun ahamiyatli tomoni shundaki, Eron klubi sharafini himoya qilayotgan Jaloliddin Masharipov sobiq jamoadoshi Krishtianu Ronaldu bilan Dubayda uchrashadigan bo‘ldi. Ma’lumki, hamyurtimiz portugaliyalik yulduz “An-Nasr”ga kelganida unga 7-raqamni bo‘shatib berib, o‘zi 77-raqam ostida to‘p tepgan edi.

Fikrlar