Ronaldu qachongacha o‘ynashini aytdi
Saudiya Arabistonida to‘purarlik mahoratini namoyish qilib kelayotgan “An-Nasr” hujumchisi va sardori Krishtianu Ronaldu Pro-ligasining 7-turidan keyin futbolga bo‘lgan muhabbatini ta’kidladi.
“Al-Feyha” bilan o‘yinda raqib darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qilib, jamoasi g‘alabasini ta’minlagan 40 yoshli hujumchi faoliyatidagi gollari sonini 952 taga etkazib oldi.
- Bu men uchun ham, butun jamoa uchun ham ajoyib g‘alaba bo‘ldi. “An-Nasr” g‘alaba qozondi, men esa ikki gol urdim — bu muhim.
Har doim aytaman: sportda uzoq umr ko‘rishning siri — muhabbat va ishtiyoq. Men hali ham shu ishtiyoqni his qilaman. Gol ursam ham, urmasam ham — bu mening hayotim. Qariyb chorak asr futboldaman — bu ham mening hayotim. Shuning uchun oyoqlarim imkon bersa, o‘ynashdan to‘xtamayman, - dedi Krishtianu Ronaldu.
Portugaliyalik yulduzning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlaridan biri futbol tarixida birinchi bo‘lib rasmiy uchrashuvlarda 1000 ta gol urishdan iborat. Uning “An-Nasr” bilan shartnomasi 2027 yilning yarmigacha davom etishini inobatga olsak, Ronaldu bu marrani zabt etish uchun yaxshi imkoniyat bor.



Fikrlar