Ro‘ziqul Berdiev: "Futbolda daraja, saviya ko‘p narsani hal qiladi"

  • 11 sentabr, 01:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganada 21-tur boshlandi. Qarshida “Nasaf” “Buxoro”ni qabul qildi. Uchrashuv favoriti sanalgan “Nasaf” raqibini ayab o‘tirmadi va javobsiz 5 ta gol urdi. O‘yindan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida qatnashdi.

Tecno

- Ajoyib o‘yin. Ustunligimizni hisobda ham aks ettira oldik. Bu g‘alaba bilan barchani tabriklayman. “Buxoro” jamoasi o‘zgarishlardan keyin, ikkinchi davradagi o‘yinlarini ko‘rib shunga amin bo‘lgandikki, ular yaxshi himoyalanadi. “Bunyodkor” bilan o‘tkazgan o‘yinini yigitlarga ko‘rsatdik. Ancha yaxshi harakat qilishgan. Shuning uchun bu jamoaga qarshi jiddiy yondashdik. Zich himoyasini yorib o‘tish talab etilardi. Birinchi bo‘limda hammasini yaxshi bajarishdi, keyin osonlikcha g‘alabaga erishdik, deb o‘ylayman.

- “Nasaf” rang-barang o‘yin ko‘rsatdi. Bu raqibga qarshi alohida ko‘rilgan tayyorgarlikmidi yoki tanaffusdan keyin OChL Elit uchun hozirlik ko‘rildimi?

- Ha, yigitlar engil, bosimsiz harakat qilishdi. “Buxoro” ko‘chilik bo‘lib himoyalangani uchun uchta hujumchi bilan o‘ynadik. Bu qaysidir ma’noda o‘zini oqladi. O‘yin sxemamiz va tanlagan tarkibimiz rejamizda bor edi. Kim yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, o‘shalar orqali sxemamizni tuzdik. Bu ish berdi.

- Yangi kelgan legioner - Yusuf Otubanjoning o‘yiniga qanday baho berasiz?

- Yusuf jismonan baquvvat futbolchi. Texnik tomondan yaxshi harakat qiladi. Eng asosiysi, maydonni ichida o‘zini yaxshi his qiladi. Keyingi uchrashuvlarda ham yordam beradi.

- Terma jamoaga jalb qilingan “nasaf”chilarni ertaroq qaytarib olingani haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

- Biz bu masalada Timur Kapadze va uning shtabi bilan oldinroq gaplashgandik. OChLdagi o‘yinlarimiz aniq bo‘lgach, o‘yinlarimizni ko‘chirish borasida O‘zPFL yordam berdi. Shuning uchun ularga minnatdorchilik bildiramiz. Terma jamoa murabbiylar shtabiga ham rahmat. 10-sanada o‘yinimiz borligi uchun ulardan o‘yinchilarimizni ertaroq qaytarish borasida iltimos qilgandik. Bundan tashqari, ba’zi futbolchilarimizda engil jarohatlar bor. Ular tezroq safimizga qaytishsa yaxshi bo‘lardi.

- Adashmasam, Alibek Davronov ular bilan qaytmadi...

- Alibekni olib qolishdi. Kapadze bilan gaplashganimizda qaysi biri kerak bo‘lib qolsa olib qolamiz degandi. Bu borada kelishgandik. Davronov zaxira varianti sifatida turdi.

- OChL Elit musobaqasi oldidan “Nasaf”ni ruhiyati qanday?

- OChL Elitdagi klublar, Saudiya jamoalari Evropadagi mashhur yulduzlarni jalb qilib, salohiyatini kuchaytirishyapti. Munosib tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilamiz. Xohish, ishtiyoq, tartib-intizom yaxshi bo‘lsa, vazifani uddalasa bo‘ladi.

- “Buxoro”ni 5:0 hisobida engdinglar. Lekin “Buxoro” bilan “Al-Ahli” o‘rtasida er bilan osmoncha farq bor. 5 kundan keyin “Al-Ahli” bilan o‘ynaysizlar. Osmondan tushib qolgandek maydonda harakat qilib qolmasmikin? Futbolchilar uchun nimalar o‘zgarib ketadi?

- To‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz, bularni taqqoslab bo‘lmaydi. Boshqa-boshqa saviyalar. Yondashuvda ham farq bo‘ladi. OChLda juda extiyotkor, tartibli o‘ynashingiz talab qilinadi. Shuning uchun futbolda daraja, saviya ko‘p narsani hal qiladi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!