Rustam Mirsodiqov: Murabbiyga ishonch bilan muddat bering!

  • 26 iyul, 2020, 23:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futbolida Rustam Mirsodiqovni hamma yaxshi biladi. U faoliyatida bir qancha klublarni boshqardi, milliy terma jamoamizga ham ustozlik qilgan. 10 yil davomida esa “Metallurg”ga bosh murabbiylik qildi. Murabbiylar tez-tez almashayotgan davrda esa Mirsodiqovning uzoq vaqt bir klubda ishlagani ham aslida katta natija. Doim ham matbuotda ko‘rinish bermaydigan mutaxassis sports.uz muxbiri bilan suhbatda avvalo murabbiylar haqidagi fikrlari bilan gapni boshladi.

-  Esingizda bo‘lsa, sizga ancha avval intervyu berganimda ham aytganman: chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin, - deya suhbatni boshladi Mirsodiqov. - Futbolda ham uni tushunadigan, yuragi bilan qayg‘uradigan odamlar ishlasa, bu sport turi yanada rivojlanishi mumkin. Oldingi paytda ishlash ham boshqacharoq edi. Misol uchun, hokimiyatdan futbolga alohida biriktirilgan odamlar bo‘lardi va ular javobgar hisoblanardi. Ular asosan klubda ishlayotgan murabbiyga katta ishonch bilan qarashardi. Hozir esa vaziyat o‘zgarib ketgan. Biror klubda ishlayotgan bechora murabbiy hadiksirab yuradi. Bir-ikkita o‘yinda yutqazadigan bo‘lsa, murabbiyni ishdan bo‘shatishadi. Mana shunday omillar tufayli hozirgi murabbiylar yoshlarga ishonish yoki boshqa qandaydir taktik uslublarni qo‘llashga ham qo‘rqib qolishgan. Baribir o‘zimizda ham yaxshi murabbiylar bor. Qarang, viloyatlarda ajoyib futbol maktablari ochilgan. Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, umuman barcha viloyatlarda. Yurtimizda esa iqtidorli yoshlar juda ko‘p. Ayrim klublar esa yosh murabbiy va yosh o‘yinchilarga ishonch bildirishdan qo‘rqishmayapti. Bunga “Nasaf” bilan “Bunyodkor” misol bo‘lsa kerak. O‘zimizni qora ko‘zlar terma jamoada ham jonini berib o‘ynaydi. Men bu gapim bilan termada ham hammani almashtirib yoshlarni o‘ynatinglar, demoqchi emasman. Baribir hamma narsaning vaqti soati keladi. Maydonga ko‘zi yonib turgan yigitlarni tushirish kerak.

-  Terma jamoa haqida gap ochdingiz. Ayting-chi, tajribangizdan kelib chiqqan holda milliy terma jamoamiz ustozi Vadim Abramovga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

-  Vadim Karlenovichning o‘zi ham tajribali murabbiylardan hisoblanadi. Biz murabbiylar orasida bir-birimizga biror nimani o‘rgatish qiyin, chunki aksariyati o‘ziga yarasha bilimli va salohiyatga ega. Men faqat bitta narsani ayta olishim mumkin: Abramovga omad tilayman. Futbolda baribir omadsiz bo‘lmaydi. Agar o‘sha omad bo‘lmasa, ming urinmang maqsadga erisha olmaysiz. Axir boshimizdan o‘tkazdik, jahon chempionatiga chiqishimiz uchun bitta gol yoki bir ochko etmay qoldi. Bu nima degani? O‘sha omad bilan bog‘liq-da. Futbolda ishlayotganda o‘ziga ishonishi kerak va shu bilan birga o‘sha inson omadli ham bo‘lishi lozim.

-  “Metallurg”da adashmasam 2008-2017 yillar davomida ishladingiz. O‘sha mahalda qo‘l ostingizdagi klub boshqalar uchun noqulay raqibga aylanib qolgandi. Umuman, jamoani qanday ushlab turgansiz va u erda uzoq vaqt ishlashingizning sababi nimada bo‘lgan?

-  Avvalo, “Metallurg” rahbariyatining ishonchi bilan bog‘liq. Shuncha yil Bekobodda ishlagan bo‘lsam, biror marta ham ertaga yutqazib qo‘ysam meni haydab yuborishadi yoki maydonga yosh bolani tushirsam buning javobgarligi qanday bo‘larkin, degan o‘y-xayollar mutlaqo bo‘lmagan. Rahbariyat bizga ishongani uchun jamoani topshirib qo‘ygandi. Klubda ishlagan vaqtimiz mobaynida tarkibimizda iqtidorli yoshlar ham, tajribali o‘yinchilar ham bo‘lishgan. Hikmat Hoshimov, Ma’mur Ikromov, Odil Isaboev va yana boshqalarni aytishim mumkin. Mavsum boshida ketma-ket 4-5 marta yutqazgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Birinchi davrani oxirgi o‘rinda ham tugatganmiz. Futbol shunday o‘yinki, oldindan nima bo‘lishini ayta olmaysiz.

mirsodikov7

-  “Metallurg”da ishlagan davringiz mobaynida jamoaning egallagan eng yuqori o‘rni adashmasam, 7-o‘rin bo‘lgandi...

-  6-o‘rin...

-  Aytmoqchimanki, klubdan ketganingizdan so‘ng “Metallurg” endi qanday ko‘rinishda bo‘larkin, degan savollar ko‘paygandi. Sizdan keyin jamoani Andrey Shipilov boshqarib kelyapti. Oxirgi ikki mavsumdan buyon esa “Metallurg” 5-o‘rinni egallab kelyapti...

-  “Metallurg”da o‘zgargan rahbariyat ham futbolga katta e’tibor qaratyapti. Ular murabbiy va jamoa oldiga bir yoki ikki yilda mana shu o‘rinni olib berasizlar, degan vazifani qo‘yishmagan. Muhimi, rahbariyat tomonidan Shipilov qo‘llab-quvvatlanyapti. Natijada murabbiyda ruhiy bosim yo‘q. Ayrim klublarda esa vaziyat boshqacharoq, murabbiyni olib kelib, bir yilda uchinchi o‘rinni olasan, deb topshiriq berishadi. Har bir yig‘ilishda rahbariyat tomonidan mana shu narsa hadeb takrorlanaversa, jamoadagi murabbiy va futbolchilarga aks ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin. Oqibatda futbolchilar maydonga tushganida biladigan ishini ham esankirab nima qilishini bilmay qolishadi. Bu esa ruhiy bosim bilan bog‘liq. “Metallurg” rahbariyatiga esa katta rahmat. Hozirda ham ular jamoaga katta dalda bo‘lishyapti.

-  Sobiq jamoangizning o‘yinini kuzatayotgandirsiz, o‘zingizga yoqyaptimi?

-  Mavsum boshida selektsiya to‘g‘ri bajarildi. Pozitsiyalarga mos futbolchilar olib kelindi. Ayrim klublarga o‘xshab 20 ta o‘yinchi olib, 20 tasiga javob berishmagan. Masalan, “Andijon”dan Shahzod Ubaydullaevni taklif qilishdi. O‘zi “Metallurg” shakllanib bo‘lgandi. Bu yil esa yanada iqtidorli o‘yinchilarni qo‘shib olishdi va raqobatbardosh jamoaga aylandi. “Metallurg” yuqori o‘rinlarda yurgan istalgan klubni yutib qo‘yishi mumkin. Lekin o‘z uyida yutqazib qo‘yishi ham mumkin. Futbol shunaqa o‘yin.

mirsodikov

-  “Metallurg”dan ketganingizdan keyin sizni yana biror-bir klubda bosh murabbiylik qilishingizni kutgandik. Yanglishmasam, orada biroz muddat “Surxon”da qandaydir lavozimda ishladingiz. Nega futbolda yana ishlamayapsiz?

-  Biz ishlagan paytda rahbariyatning futbolga e’tibori va qarashlari boshqacharoq edi. So‘z bersa, gapining ustidan chiqadigan rahbarlar edi. “Metallurg”dan ketganimdan keyin menga “Surxon”ga yordam berish bo‘yicha taklif bo‘ldi. Ammo u erda murabbiylar ishlashayotgandi. Faqat mendan maslahat so‘rashgan va qo‘limdan kelganicha yordam berganman. Mana, hozir so‘rayapsiz, nimaga ishlamayapsiz deb, ish boshlashdan avval jamoani yig‘ish kerak. Bir-ikki oydan keyin esa futbolchilarga maoshlarini berish kerak. Axir ularni ham oilasi, bola-chaqasi bor. Agar vaqtida pul berilmasa, ularning yonida men aldoqchi bo‘lib qolishim mumkin. Shuncha yil mehnat qilib topgan obro‘ni bir soatda yo‘qotib qo‘yish hech gap emas. Men futbolchilarga katta-katta pullar berish kerak, demayapman. Shunchaki, hammasini kelishgandek vaqtida, aldamasdan berib tursa-chi, har qanday o‘yinchi ham o‘ynaydi. Mana, o‘zinglar ham o‘qiyapsizlar, klublarda moliyaviy muammolar uchrab turibdi. Yaqinda “Bunyodkor”da uch-to‘rt oydan beri maosh olishmayotgani haqida yozishgandi. Klublarimizda esa boshqa joylardan kelib ishlashyapti. Agar pul bo‘lmay qolsa ular ketishadi va ertasiga klub ustidan arz qilib yozishadi. FIFAga yozadigan bo‘lsa, albatta to‘lashga majbur bo‘ladi. Hammasi bir-biriga bog‘langan. Mana, “Navbahor”dagi vaziyatni qarang, ishlagan yordamchi murabbiyi FIFAga yozgan va endi klub katta miqdorda unga pul to‘lashi kerak. Bir-ikkitasi mendan u qanday murabbiy edi, deb so‘rashyapti. Men esa to‘g‘risini aytsam unday murabbiyni bilmayman ham, tanimayman ham. Ishonasizmi, eshitmaganman va ko‘rmaganman. Namanganda shuncha murabbiy bor. Chetdan olib kelmasdan o‘zidagi kadrlardan foydalansa ular pul uchun emas, futbol va Namangan muxlislari uchun ishlab berishardi. Agar olib kelinayotgan xorijlik futbolchi yoki murabbiy o‘zimizdagilardan kuchli bo‘lganida, buni tan olib chindan ham kuchli deb aytgan bo‘lardim.

-  Hozirgi rahbarlarga ishonish qiyinmi?

-  Futbolchilarning oldida barcha mas’uliyatni bosh murabbiy bo‘yniga oladi. Rahbariyat xo‘p, deb, ertaga aytganini bajarishmasa, kim yolg‘onchi bo‘lib qoladi – bosh murabbiymi?

-  Demak, murabbiylikka qaytishga sizni shu holat to‘sib turibdimi?

-  Gap bunda emas. Agar o‘yinchilar murabbiyga ishonmasa ishlashning foydasi yo‘q. Maydonda natijani men emas, futbolchilar ko‘rsatishadi. Bilasizmi, “Metallurg”da ishlagan paytimda futbolchilarga pullar o‘z vaqtida berilardi. Ozgina-yu, sozgina edi. Kamroq bo‘lsa ham doim ish haqlari to‘lab borilgan. U erda hech qanday aldov bo‘lmagan. Men ishlagan paytimda hech qaysi o‘yinchi shikoyat qilib yozmagan. Yozish u yoqda tursin, jamoamizdan ketgan futbolchilarning ham pullari berilgan. Erkak kishi aytgan gapining ustidan chiqishi kerak. Shu sababli jamoa tuzishdan avval o‘yinchilarni tanlay bilish kerak. Yozish bilan hamma ish bitmaydi.

mirsodikov4

-  Chempionatimizda Shota Arveladze, Andrey Kanchelskis kabi taniqli mutaxassislar ishlashmoqda. Ular futbolimizga nima bera olishyapti, deb o‘ylaysiz?

-  To‘g‘ri, boya aytganimdek, natijani futbolchilar ko‘rsatishadi. Ammo murabbiydan ham katta mas’uliyat talab qilinadi. 30 ta o‘yinchidan eng munosiblarini asosiy tarkibga tanlab olishlari lozim. Mas’uliyat har jihatdan katta. Har bir klubning o‘z vazifasi bor. “Paxtakor” chempionatimizdan tashqari Osiyo Chempionlar ligasida ham qatnashyapti. Hali o‘zbek klublari OChL finalida ishtirok etishgani yo‘q. “Nasaf” 2011 yili OFK Kubogini yutgandi. “Paxtakor”ni tushunsa bo‘ladi, oldiga katta maqsad qo‘yilgan. Arveladze ham ancha tajribali mutaxassis. O‘zi ham yaxshi o‘yinchi bo‘lgan. Uning “Paxtakor”ni O‘zbekiston chempionatida va Osiyo Chempionlar ligasida ham g‘olibga aylantirishga qurbi etadi. Kanchelskis to‘g‘risida qiziq holat yuz berdi. O‘tgan yili uni ishdan olib tashlashdi va keyinchalik uni yana qaytarishdi. Mening fikrim shundayki, “Navbahor” jamoasini o‘zimizni mutaxassislar boshqargani yaxshi. Murabbiyga jamoani ishonib topshirishgach, uning ishiga aralashishmasdan faqat vaqt berish kerak. Oldingdan oqqan suvni qadri yo‘q, deb bekorga aytishmagan. Hozir shunga o‘xshash vaziyat yuz beryapti. To‘g‘ri, Kanchelskis ham o‘z paytida yaxshi futbolchi bo‘lgan, u ham ajoyib inson. Lekin jamoasi yutqazsa, bir-ikkita futbolchini olib tashlayman, boshqa o‘ynattirmayman deydi. Yutsa boshqa narsa deydi. Agar klub rahbariyati mahalliy murabbiyga ishonch bildirib, vaqt berishsa, ko‘zlagan maqsadiga erishishadi. Namanganda futbolni juda sevishadi. U erda muxlislarining o‘zi klub uchun katta kuch. Bitta o‘yinda yutqazsa murabbiyni darrov o‘zgartirish noto‘g‘ri. Futbolda yutqazmaydigan jamoa bor ekanmi? Hamma yutqazadi. O‘sha “Real” va “Barsa” ham kerak bo‘lsa mag‘lubiyatlarga uchrashadi-ku.

-  Murabbiylik faoliyatingiz davomida o‘zingiz uchun noxush holatlar ham bo‘lganmi?

-  Futbolda past-balandliklar bo‘lib turadi. Bu sport turida ertaga yutaman, deb aytish mumkin emas. Lekin hayotda afsuslangan joylarimiz bo‘lgan. Yutqazgandan keyin murabbiy mard bo‘lib mag‘lubiyatni bo‘yniga olishni ham bilishi kerak. Yutsa jamoa yutadi, yutqazsa murabbiy yutqazadi. Shuncha yil ishlagan bo‘lsam, aybimni futbolchilarga yoki hakamlarga ag‘darib qo‘ymaganman. Yana qaytaraman, mag‘lubiyatni tan olish ham mardning ishi. Yutqazib qo‘ysak, qaysidir futbolchilarni yomonlab, aybni ularga to‘nkab yurmasligimni qo‘l ostimdagi hamma o‘yinchilar yaxshi bilishardi.

-  Sizdan faoliyatingizda noxush holatlar bo‘lganmi, deya bejizga so‘ramadim. “Metallurg”dagi oxirgi faoliyatingizda “Paxtakor”ga qarshi uchrashuv ko‘pchilikni yodida. O‘shanda o‘yinni kelishilgan, deb topishgan va sizni chetlatgan holda litsenziyangizni olib qo‘yishgandi. Eng qizig‘i shundaki, o‘sha mahalda barcha aybdorlar jazolanishi aytilgan-u, ammo birgina sizni chetlatishgan va boshqalar go‘yoki suvdan quruq chiqqandek bo‘lishgandi. Aslida o‘shanda nimalar bo‘lgandi?

-  Bu masalada bir-ikkita katta yig‘ilishlarda rahbarlar ham gapirishgan. Bu - hayot. O‘sha paytdagi federatsiyaning rahbariyatiga kimdir noto‘g‘ri ma’lumot bergan, chamamda. Telefon qilishgan deyilgan, boshqa deyishgan. Mayli, bo‘lar ish o‘tib ketdi. Lekin mening o‘shandagi xatti-harakatlarim va qilgan ishlarim tufayli futbolchilarimning oldida yuzim yorug‘. Oradan yarim yil o‘tganidan so‘ng, rahmatli Mirabror Usmonov meni huzuriga chaqirib suhbatlashgandi. O‘shanda yana ishlayvering, siz haqingizda noto‘g‘ri qaror chiqarilgan ekan, degan gapni aytgandi. Qancha ishlari bo‘lishiga qaramay, men bilan bog‘liq vaziyat yodida turgan ekan. Yordamchilaridan asl vaziyatni bilib, so‘rab-surishtirib hammasini bilganlaridan keyin meni chaqirtirgan. Agar rostdan ham aybim bo‘lganida meni chaqirib, yana ishlayvering demasdi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Asilbek shukurovich
26/07/2020 23:45
Жаноб Рустам мирсодиков саволларга унгдан енбошдан жавобларди езибсиз э гап йук нима учун сурхондан нима сабабдан кетганийзди езмабсизда
&
Asilbek shukurovich
26/07/2020 23:42
Узбек футболи яхшигина бизнес тренерлар ичида энг зури жонини берадиган тренер хеч иккиланмай айтаман Рузикул Бердиев ош бусин шу инсонга кашкадарени пули учун эмас обруйи учун яшаб келяпди оллох шундай мураббийларди етказса узб ЖЧ боради