Sancho yangi klub, juda uzoqqa ketib qoldi

  • 02.09.2026 09:09
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

«Manchester Yunayted» tarkibida taniqli bo‘lgan Jeydon Sancho faoliyatini Braziliyaning mashhur klubi «Palmeiras»da davom ettirishga qaror qildi. 

Jurnalist Alfonso Partidor xabariga ko‘ra, 26 yoshli hujumkor yarim himoyachi Braziliyaga otlandi, u yerda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va San-Paulu shahri klubi bilan shartnoma imzolaydi. 

Manba sifatida «The Touchline» nashri keltirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, angliyalik futbolchi bilan tuziladigan shartnoma ikki yilga mo‘ljallangan. Shuningdek, kelishuvni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.

Jeydon Sancho joriy yil iyul oyi boshida «Manchester Yunayted» bilan amaldagi shartnomasi yakunlangach, erkin agent maqomini olgan edi. O‘tgan mavsumda u «Aston Villa» jamoasi safida ijara asosida maydonga tushdi.

«Palmeiras» hozirda Braziliya chempionatining Oliy divizioni — Seriya A musobaqasida peshqadamlik qilmoqda. Jamoa 25 turdan so‘ng 52 ochko to‘plab, turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!