
Shahboz Jo‘rabekov Andre Pirloga salom yo‘lladi!
Bugun "Qizilqum" "Sug‘diyona" bilan mardonavor "olishdi". Qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q. Nikola Lazarevich shogirdlari raqib taklif etadigan kontaktlarga boy jismoniy futbolga 100 foiz tayyor ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. 120 daqiqa davomida birorta epizodda bo‘sh kelishmadi.
Shunga qaramay, penaltilar seriyasidagi bir xolat hammasini xal qildi. Ushbu zarba penaltilar seriyasidagi tomonlarning ruhiy holatiga ikki hil ta’sir ko‘rsatdi. Jo‘rabekovning "panenko"siga e’tibor qarating!
Ba’zida futbol o‘yinlarida gol kiritishning o‘zi g‘alabani ta’minlamaydi. Raqibdan nafaqat jismonan, balki ruhan ham ustun bo‘lish shart. Shahboz Jo‘rabekov har jabhada teng bo‘lgan o‘yinda jamoasi uchun ruhiy ustunlikni olib berdi.
Lotareya boshlanishidan avval, ko‘pchilik singari men ham Ignatiy Nesterovdan posboni bor jamoa 11 metrlik zarbalarda omadliroq chiqishini taxmin qilgan edim. Boz ustiga, "Sug‘diyona" bosh murabbiyi - Ulug‘bek Baqoev seriya oldidan o‘zining asosiy posboni - Mitrovichni zaxiraga olgan edi.
Shunday vaziyatda hammasini birgina qaror hal qildi. Shahboz Jo‘rabekov ro‘parasida o‘zbek futboli tarixidagi eng kuchli darvozabon turganiga qaramay, qo‘rqmay "panenko"ni ijro etdi. Bu zarbadan so‘ng, Jo‘rabekov o‘zi bilmagan xolda jamoasiga kichik ustunlik taqdim etdi. Ruhiy ustunlik! Qarabsizki, undan keyin to‘p oldiga kelgan Qambarov noaniq zarba yo‘lladi. Baribir bunday bosim, tarozi pallasi teng kelib turgan paytda, o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.
Bundan ancha yillar ilgari Andre Pirlo va Jo Xard o‘rtasida shunday voqea sodir bo‘lgani yodingizdami? O‘shanda, inglizlar penaltilar seriyasiga qadar Italiya bilan tengma-teng "tashlashgan", ammo Andreaning super zarbasidan so‘ng, birin ketin 11 metrlik nuqtadan noaniq zarba bergan edi.
Huddi o‘sha voqeaning analogi bugun Jizzaxda sodir bo‘ldi. O‘zi, so‘nggi yillarda Ulug‘bek Baqoevning jamoasi "chaqilmas yong‘oq"qa aylanib borayotgandek. Yigitlar, tobora o‘z kuchiga ishonib, uni mana shunday qaltis vaziyatda ko‘rsatib qo‘ymoqda. O‘ylashimcha, Baqoev o‘z uslubini takomillashtirib borsa, biz ham tez orada nafaqat O‘zbekistonning, balki Osiyoning "Atletiko" Madridiga ega bo‘lishimiz mumkin.
Ya . U
Fikrlar