Shakllanayotgan "Qizilqum", parvozga shaylanayotgan "Andijon", syurpriz "Turon" va boshqalar. O‘zbek klublari Superliga yangi mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rdi (3-qism)

  • 8 mart, 2021, 18:37
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Maqolamizning avvalgi sonlarida O‘zbekiston chempionati o‘tgan mavsumida kuchli o‘nlikka kirgan klublardan bu yil nimalar kutishimiz mumkinligi haqida fikr yuritgandik. Ular ichida hatto chempionlik uchun da’vogarlik qilishi mumkin bo‘lgan jamoalar ham mavjud. Bugun muhokama markazida bo‘ladigan Superliga ishtirokchilarini bosh sovrin uchun da’vogarlar qatorida e’tirof etish mushkul. To‘g‘risini aytganda, ularning ashaddiy muxlislari ham nari borsa kuchli uchlikka kirishni umid qilmoqda. Demak, o‘tgan mavsum ichki birinchilikda 10-14-pog‘onalarni band etgan klublar bugun e’tiborimiz markazida!

photo_2020-09-03_16-52-01

"Mash’al"

Muborakliklar bilan bog‘liq eng katta o‘zgarish bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov bilan bog‘liq. Rossiyalik mutaxassis o‘zi uchun qadrdon bo‘lib ulgurgan mutaxassisni ortga qaytardi. Tarkib jihatidan katta o‘zgarishlarga qo‘l urmagan, omma e’tiboridagi yulduzlarni jalb etishga qiynaladigan "Mash’al" yana akademiyaga tayanishga majbur. Shu bilan bir qatorda, Samuel Chigozie va Mitchell Uilyams kabi ikki legionerni o‘z safiga qo‘shib oldi. Asosiy maqsadi Superligada jon saqlab qolish va futbolchi etishtirish bo‘lgan klub yana o‘rta pog‘onalar uchun kurash olib borishi kutilyapti.

photo_2021-02-28_16-54-50

"Qizilqum"

Navoiy klubi bir necha yaxshi transferlarni amalga oshirganini e’tirof etish joiz. Islom To‘xtaxo‘jaev, Elguja Grigalashvili, Mate Vatsadze kabi Superligada yaxshigina nom qozongan futbolchilar endi "Qizilqum" safida javlon uradi. Shuningdek, Giorgi Kuxianidze ismli gruziyalik o‘yinchi endi "Qizilqum" libosida to‘p tepadi. Mavsumoldi yig‘inlarini Turkiyada o‘tkazgan navoiyliklar katta byudjetga ega ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Sababi, xorijda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish uchun anchagina pul lozim. Tarkib, moliyaviy holat, imkoniyat jihatidan raqobatbardosh bo‘lgan jamoadan bu mavsum yaxshiroq natija kutish o‘rinli bo‘lardi. Bosh murabbiy Hamidjon Aktamov ham aynan shuni ta’kidlab o‘tdi:"Qizilqum" Superliga jamoalariga syurpriz tayyorlab qo‘ygan deb ayta olaman. Maqsadimiz jiddiy...",-dedi bosh murabbiy.

photo_2021-02-07_09-02-16

"Surxon"

Superligamizning o‘rtamiyona jamoalaridan biri hisoblangan "Surxon" yangi mavsumda ham avvalgi natijalarini takrorlashga urinib ko‘radi, deyish mumkin. Asosan, o‘rta darajadagi futbolchilar bilan shartnoma imzolayotgan klubdan chempionlik kutish noo‘rin, nazarimizda. Mavsumoldi yig‘inlari Toshkentda o‘tkazgan jamoa "Andijon", "Olimpik", "Mash’al", "Rubin" kabi jamoalar bilan o‘yinda g‘alaba qozondi. "Surxon" o‘z uyida yaxshi raqobat taklif eta oladigan klub. Faqatgina, ularga biroz sharoit yaratish kifoya.

IMG_4888

"Andijon"

Bugun nomi tilga olingan jamoalar orasida eng katta shov-shuv ko‘targan aynan "Andijon" hisoblanadi. Nafaqat O‘zbekistonning, balki butun dunyoning eng iste’dodli futbolchilaridan biri, deb topilgan Jaloliddinovning aynan vodiyliklar tarkibiga borib qo‘shilishi so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Bir necha kun avval, o‘z taqdimot marosimini o‘tkazgan jamoa joriy yil kuchli uchlikka kirgan taqdirda, har bir futbolchiga "Ford Mustang" va’da qildi. Birgina Jasur transferi bilan cheklanib qolmay, "burgutlar" safiga italiyalik Martin Boake ismli legioner ham olib kelindi. Otabek G‘ulomxo‘jaev qo‘l ostida shakllangan yaxshi tarkib bilan andijonliklar yaxshi natijalar qayd etishga qodirdek ko‘rinmoqda.

IMG_2384

"Turon"

Superliganing "mehmoni" yangi mavsumda qanday futbol ko‘rsatishi barchaga birdek qiziq. "Turon"ning xususiy klub ekanligini inobatga olsak, yaxshi natijalar kutish haqiqatga to‘g‘ri kelardi. Muhimi, jamoa futbolchilari ko‘zida olov va ishtiyoq yaqqol sezilib turibdi. Buni ular o‘tgan mavsum Pro ligada ham isbotlab ulgurdi. O‘sha o‘yinchilar safiga yana bir necha legioner va ichki chempionatda nom qozongan futbolchilarning kelib qo‘shilganligi ularga bo‘lgan qiziqishni oshirishi tayin. Fozil Musaev, Vladislav Kasminin kabilar shular jumlasidandir. Umuman olganda, Superliga yangi mavsumi o‘ta qig‘in kurashlar ostida kechishi taxmin qilinmoqda. Bu eng avvalo, o‘zbek futboli uchun quvonarli holat!

photo_2021-02-12_10-18-20_1

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!