Sharof Muhitdinov: Olti oydan beri maosh olmadik, ammo biz maydonga pul uchun chiqmaymiz

  • 22.10.2020 21:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Nasaf” o‘z maydonida AGMK jamoasiga qarshi o‘yinda 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada sovrinli o‘rinlar uchun kurash yanada keskin tus oldi. Ammo ajablanarlisi shundaki, “Nasaf” futbolchilari oxirgi marta may oyida maosh olishgan. Shundan beri pulsiz o‘ynab kelayotgan jamoaning shijoatini ko‘ring, qoyil qolsa arziydi.

AGMKga qarshi bellashuvdan keyin qarshiliklarning haqiqiy etakchisiga aylangan  Sharof Muhitdinov sports.uz muxbirining savollariga javob qaytarar ekan, chindan ham anchadan beri oylik maosh va mukofot pullarisiz o‘ynab kelishayotganini ta’kidladi.

-  Sharof, “Nasaf” – AGMK o‘rtasidagi o‘yin barchaga manzur bo‘ldi, juda keskin tarzda kechdi. Bunday uchrashuvdan keyin nimalarni ayta olasiz?

-  Bilasiz, bizda jamoaviy o‘yin juda yaxshi shakllangan. Ko‘pchilik esa AGMKga qarshi uchrashuvni olti ochkolik o‘yin, deb hisoblashdi. Futbolda aytishadi-ku, kim kuchli bo‘lsa, o‘sha jamoaga omad kulib boqadi. O‘ylaymanki, AGMK bilan o‘yin ko‘pchilikka yoqdi.

-  Bu “Nasaf”ning joriy mavsumdagi eng yaxshi o‘yini, deb aytish mumkinmi?

-  Biz uyimizda ko‘plab o‘yinlarni yaxshi darajada o‘tkazdik. Kechagi uchrashuv bizga yanada muhim edi. Bilasiz, undan oldingi turda safarda “Buxoro” bilan 0:0 o‘ynab ikki ochkoni yo‘qotdik. O‘z maydonimizdagi o‘yinni yutish uchun maydonga tushgandik.

-  Sizningcha, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun asosiy kurash “Nasaf” hamda AGMK o‘rtasida hal bo‘ladi deb o‘ylaysizmi?

-  Ha, albatta. Endi ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun kurash yanada qiziydi va o‘yinlar ham shunga yarasha o‘tadi.

-  “Paxtakor” yana kutilganidek peshqadamlik qilyapti. Bu yil ham chempionlikni hech kimga bermaydi deb o‘ylayapsizmi?

-  Hamma yaxshi biladi, “Paxtakor” jamoasida tajribali futbolchilar juda ko‘p. Oldinda hali yana o‘yinlar bor. To‘g‘ri, chempionlik uchun “Paxtakor” asosiy davogar. Lekin biz ham qo‘limizni tushirmaymiz. Oxirigacha harakat qilib ko‘ramiz.

-  Ko‘pchilik esa sizni ushbu mavsum “Nasaf”dagi oxirgisi bo‘lishi haqida aytishmoqda. Balki xorijda o‘ynash fursati kelgandir...

-  Buni vaqt ko‘rsatadi. Yashirmayman, agarda menga ham xorijdan yaxshi taklif bo‘lsa, o‘zimni u erda sinab ko‘rmoqchiman.

-  Aynan qaerlardan takliflar bor?

-  Bu sir bo‘la qolsin. Balki klub rahbarlariga ham taklif bilan chiqishgandir, bunisi menga qorong‘u. Shartnomam esa shu yili tugaydi.

-  Eshitishimcha, anchadan maosh olmabsizlar-a?

-  Ha, olti oydan buyon maosh olmadik.

-  Olti oylab maoshsiz qanday qilib futbol o‘ynashga ishtiyoq topyapsizlar?

-  Biz yosh jamoamiz. Shu bois bunday holat ko‘pchilik futbolchilarda endi sodir bo‘lyapti. Biz maydonga pul uchun chiqmaymiz. Rahbarlar esa barcha masalani ijobiy tomonga hal qilib berishlariga ishonamiz. Adashmasam, qaysidir o‘yindan keyin murabbiyimiz ham shu haqda aytgandi.

-  Mukofot pullari bo‘yicha ham qarzdorlik bormi?

-  Ha, oltita mukofot puli.

-  Bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdievga qanday ta’rif berasiz?

-  Uning qanday mutaxassis ekanligini hamma yaxshi biladi. Ro‘ziqul Berdiev mening katta futbolga kirib kelishimga sababchi bo‘lgan inson.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!