Shomurodov jamoadoshi kelajagiga “xavf” solyapti!

  • 1 mart, 12:04
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Eldor Shomurodov faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bungacha oxirgi ikki transferlar oynasida  “Roma”ni tark etishi talab etilgan legionerimiz mavsumning muhim pallasida jamoaning asosiy figurasiga aylanib boryapti.

Tecno

Rim klubida asosiy markaziy hujumchi mavqei o‘tgan yili Ispaniya chempionatida to‘purar bo‘lgan va 30 million evrodan ortiqroq mablag‘ evaziga “Roma”ga olib kelingan Artyom Dovbikka tegishli edi. Klub xo‘jayinlari ukrainalik forvardga juda katta ishonch bildirgani uchun o‘tgan mavsumlarda jamoada o‘ynagan Andrea Belotti, Temmi Abraxam, Sardor Azmun, Ola Solbakken hamda Romelu Lukaku kabi markaziy hujumchilarga javob berib yubordi.

Jamoa ixtiyorida Dovbikdan tashqari faqat bitta markaziy hujumchi – Eldor Shomurodov qoldi. Sport direktori Floran Gisolfi o‘zbek futbolchisidan ham qutilib, o‘rniga boshqa ijrochi olib kelish harakatida yurgan edi.

Eldor o‘z harakatchanligi evaziga Klaudio Raneri boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishonchini oqlay oldi. Endi hamyurtimiz jarohatlarga moyil bo‘lib qolgan Dovbikning asosiy tarkibdagi kafolatlangan o‘rniga xavf sola boshladi. Buni bir necha manbalar va ekspertlar e’tirof etmoqda.

- Ikki mavsumni “Spetsiya” va “Kalyari”da o‘tkazib kelgan Eldor Shomurodov “Roma” asosiy tarkibidan joy olishiga yaqingacha hech kim ishonmas edi. Lekin bugungi kunga kelib, o‘zbek legioneri jamoaning asosiy hujumchisi Artyom Dovbikka kuchli raqobat tug‘dirmoqda. Shomurodov muqim o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun bor imkoniyatini ishga solyapti.

Shomurodov oxirgi bellashuvlarda Dovbikka raqobatga e’tiborliroq bo‘lishi kerakligini va aks holda u  asosiy tarkibdagi joyidan ayrilib qolishi mumkinligini ko‘rsatdi, - deb yozmoqda Corriere dello Sport nashri.

“Roma”dagi vaziyatni kuzatib borayotgan taniqli jurnalist Enriko Kamelio har ikki forvardni taqqoslab, ko‘p jihatdan ustunlik Eldor Shomurodov tomonida ekanini ta’kidladi. Xususan, bu mutaxassis o‘zbek futbolchisining texnikasi ancha kuchli, degan xulosaga keldi.

- Mening xulosamga ko‘ra, Shomurodov Dovbikka qaraganda to‘pni ancha yaxshi nazorat qiladi. Ukrainalik futbolchi har doim ham  to‘pni mukammal darajada to‘xtatib, jamoadoshlariga yordam bera olmaydi. Buni bir necha uchrashuvda ko‘rdik. Aslida Dovbikdan ko‘proq narsa kutgandik, - dedi Enriko Kamelio Radio Lo Sport efiridagi chiqishida.

Bundan tashqari, yaqinda Italiya terma jamoasi afsonasi Anjelo Di Livio “Roma” bosh murabbiyi Klaudio Raneri o‘zbek futbolchisini muntazam boshlang‘ich tarkibda o‘ynatishi kerakligiga ishora qildi.

- “Roma”ning hozirgi tarkibi A Seriya jadvalida yanada yuqoriga ko‘tarilishga va Evropa ligasida bosh sovrin uchun kurashishga qodir. Keyingi uchrashuvlarda hujum chizig‘ida Eldor Shomurodovning o‘ynayotgani juda to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Agar men Klaudio Ranerining o‘rnida bo‘lganimda o‘zbek futbolchisini muntazam boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirgan bo‘lardi, - dedi Anjelo Di Livio.

Ta’kidlash joizki, samaradorlik statistikasi bo‘yicha ustunlik Dovbik tomonida. Ukrainalik hujumchi barcha turnirlarda 33 marotaba maydonga tushib, jami 2415 daqiqa to‘p tepgan va bu vaqt ichida 13 ta gol, to‘rtta assist qayd etgan.

Eldor Shomurodov esa, mavsum davomida 23 ta uchrashuvda qatnashib, umumiy hisobda 742 daqiqa o‘ynadi va to‘rtta gol, uchta samarali pas muallifi bo‘ldi.

Ekspertlar o‘zbek futbolchisi jamoaviy o‘yin jihatidan ustunligini, maydonda hujum chizig‘i vakillari – Paulo Dibala, Matius Sule, Tommazo Baldantsi bilan yaxshi til topisha olayotgani, nafaqat hujumlarni yakunlash, balki ularni tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatayotgani, murakkab vaziyatlarda bellashuv davomida burilish yasashni uddalayotganini yuqori baholashyapti.

Hali bunaqasi bo‘lmagan edi: Shomurodov yangi rekord o‘rnatadi!

To‘rt legionerimiz Premer-liganing bir jamoasidan qo‘nim topdi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Депутат Уктамович
02/03/2025 08:29
Самарадорлик буйича Элдор Довбикга нисбатан кам эмас, уйнаган дакикасига гол+пас буйича аксинча Элдор самаралирок жижа бусаям. ( янаям статистлар хисоблашсин )
&
Мурат
01/03/2025 20:51
Элдорнинг бундай булишини Моурино давридон кутгандимшу кунларга етип келяпмиз Одна Элдор