
Shomurodov uchun kurashga jiddiy klub qo‘shildi!
Italiyada ham qishki transferlar oynasi ochilgan. Odatda, transfer davrining dastlabki kunlarida klublar o‘zlari ko‘zlagan o‘yinchilarni transferini amalga oshirish imkoniyatlarini chamalab ko‘radi va bu harakatlar transferlar oynasi oxiriga borib rasmiylashtiriladi.
Yanvar oyida Eldor Shomurodov ham boshqa klubga ko‘chib o‘tishi kutilmoqda. Aslida 29 yoshli legionerimiz yozda jamoasini o‘zgartirishi kerak etilgandi. “Roma”ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Daniele de Rossi kutilmaganda o‘zbek legioneri bo‘yicha qarorini o‘zgartirib, uni jamoada olib qoldi.
Afsuski, rimlik murabbiyning o‘zi tezda iste’foga chiqarildi. Keyin kelgan bosh murabbiylar – Ivan Yurich va hatto Eldorning imkoniyatlarini yaxshi bilgan Kluadio Raneri ham boshqa hujumchilar bilan o‘ynashni ma’qul ko‘rdi.
Shomurodov darajasidagi futbolchi jamoasiz qolmasligi aniq. Saudiya Arabistoni klublari uni anchadan beri o‘z safiga chorlab keladi. Lekin hamyurtimizga o‘zi ko‘nikkan A Seriyadan ham qiziqishlar bor.
Hozirgacha A Seriyada qolish uchun kurashayotgan “Kalyari”, “Komo”, “Venetsiya”, o‘rtamiyonalar safida borayotgan “Empoli”dan qiziqish bo‘lgandi. Endi yana bir nomdor klub Eldorga og‘iz solayotgani haqida ma’lumot tarqatli.
SkySport nashrining italiyalik jurnalisti Rudi Galetti Turinning “Torino” klubi “Roma”da etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan Eldor Shomurodovni o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi.
Manbaga ko‘ra, “Torino” rahbariyati boshqa da’vogarlardan farqli ravishda o‘zbek hujumchisi transferini to‘liq sotib olish imkoniga ega. Qolgan klublarning barchasi Shomurodovni mavsum oxiriga qadar ijaraga olib, to‘liq transfer qilish bo‘yicha muzokaralarni yozga qoldirmoqchi.
“Roma”ga esa, bosh murabbiyning kelajakdagi rejalariga kiritilmagan o‘yinchini to‘liq sotib yuborib, yangi ijrochilarga joy ochish muhim ahamiyat kasb etadi. Rimliklar Shomurodov masalasida avval ijara, keyin to‘liq transfer usuli bo‘yicha ikki yildan beri o‘z maqsadiga etolmay kelmoqda.
Xususan, avval “Spetsiya”, keyin esa “Kalyari” Eldorni ijarada o‘ynatib, yozgi muzokaralar vaqtida poytaxt klubining transfer uchun qo‘ygan shartlarini bajara olmadi.
Shu bois, “Roma” Shomurodovni avval ijarada o‘ynatish uchun so‘rayotgan klublardan ko‘ra, hujumchini to‘liq transfer qilish imkoniga ega bo‘lgan “Torino” variantini tanlash ehtimoli yuqoriligi aytilmoqda.
“Torino” joriy mavsumda musobaqa jadvalining o‘rta qismida joylashgan bo‘lsa-da, to‘p kiritish borasida muammolar kuzatilmoqda. Turinliklar 18 ta uchrashuvda jami 19 ta gol urgan. Jamoaning eng yaxshi to‘purari Che Adams hisobida jami beshta to‘p bor. Tajribali forvardlardan Duvan Sapata uchta, Antonio Sanabriya ikkita, yosh hujumchi Alyo Njie bitta gol muallifi bo‘ldi. 13 ta uchrashuvda ishtirok etgan Yann Kamaro hali gollar hisobini ochgani yo‘q.
Qolaversa, Sapata og‘ir jarohat olgan va qachon maydonga qaytishi, o‘shanda qay ahvolda bo‘lishi noma’lum bo‘lib turibdi.
“Torino” hujum chizig‘idagi vaziyatni inobatga olib, tarkibni A Seriyada katta tajriba to‘plagan o‘zbek forvardi bilan kuchaytirmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning oktyabridan beri Italiyada to‘p tepayotgan Eldor Shomurodov “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya”, “Kalyari” kabi jamoalar safida jami A Seriyaning o‘zida 110 ta uchrashuvda ishtirok etib, 16 ta gol va 10 ta assist qayd etgan.
Ana xolos: Husanov yana diskvalifikatsiya qilindi
Fikrlar