
Chempion futbolchimizni Rossiya klubi olib ketmoqchi
Qishki transferlar davrida kelajagi bo‘yicha bir qarorga kelishi talab etiladigan o‘zbek futbolchilaridan biri Ibrohimxalil Yo‘ldoshevdir.
23 yoshli chap qanot himoyachisi uchun 2024 yil muvaffaqiyatli yakunlandi. Mavsumni Qozog‘iston Premer-ligasida o‘tkazgan Ibrohimxalil “Qayrat”ning mamlakat chempioni bo‘lishiga munosib hissa qo‘shdi.
Bir yil muqaddam chempionlik uchun kurashishni maqsad qilgan “Qayrat” tarkibni kuchaytirish maqsadida Rossiya Premer-ligasida “Nijniy Nogorod” jamoasida o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshevni bir yilga ijaraga olgandi.
Oxir-oqibat Qozog‘istonning eng mashhur klubi chempionlikka erishdi. Ibrohimxalil “Qayrat” tarkibida barcha musobaqalarda 23 ta uchrashuvda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini uddalashdan tashqari, ikkita gol va to‘rtta assist muallifi ham bo‘ldi.
Yo‘ldoshevning qozoq klubi bilan ijara shartnomasi 2024 yilning 31 dekabr kuni yakunlandi va 23 yoshli himoyachimiz huquqiy jihatdan yana “Nijniy Novgorod” jamoasi o‘yinchisi hisoblanadi.
Futbolga ixtisoslashgan manbalarning ma’lum qilishicha, “Qayrat” o‘z o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar ishonchini oqlagan legionerimizni o‘z safida olib qolish uchun Yo‘ldoshev bilan muzokara o‘tkazmoqda. Tomonlar yana ikki yil davomida hamkorlik qilishni rejalashtirgan.
Shuningdek, Ibrohimxalil Yo‘ldoshevda Rossiya Premer-ligasiga qaytish varianti ham chiqdi. Yuqori divizionda qolish uchun kurashayotgan “Axmat” klubi himoya chizig‘ini o‘zbek legioneri yordamida kuchaytirishni reja qilgan.
Ma’lumki, Yo‘ldoshev Rossiya Premer-ligasida ham etarli darajada tajriba to‘plagan. 2021 yili Ibrohimxalil “Paxtakor”dan “Nijniy Novgorod”ga transfer qilinganidan keyin bu jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylangandi. Biroq keyinchalik jamoa bosh murabbiyligiga tayinlangan Sergey Yuran Yo‘ldoshevni zaxiraga mixlab qo‘ydi.
Umumiy hisobda, legionerimiz nijniy novgorodliklar safida 63 ta uchrashuvda qatnashib, himoyadagi vazifalarini bajarish bilan birga uchta gol va beshta assist muallifi ham bo‘lgan edi.
Buyog‘iga Ibrohimxalil Yo‘ldoshevni qaysi klub o‘z safiga qo‘shib olishidan qat’i nazar “Nijniy Novgorod”ga ma’lum miqdorda badal puli to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Chunki hamyurtimizning bu klub bilan 2025 yilning 30 iyuniga qadar davom etadigan shartnomasi bor.
Transfermarkt portali 2024 yilning noyabrida Qozog‘iston Premer-ligasida o‘ynagan futbolchilarning reytingini yangilaganida Ibrohimxalil Yo‘ldoshevning transfer summasini 900 ming evroga ko‘targan edi.
Ibrohimxalil Yo‘ldoshev klublar miqyosidagi faoliyati davomida “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Nijniy Novgorod” hamda “Qayrat” jamoalari safida jami 126 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasiga sakkizta gol urgan va jamoadashlariga o‘nta golli pas uzatgan.
Demak, 23 yoshli legionerimiz atrofidagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz. Tez orada Ibrohamxalil qaysi jamoada o‘ynashiga oydinlik kiritiladi.
Xaridor ko‘p: Shomurodov qaysi jamoaga o‘tadi?
Fikrlar