
Shomurodov yo‘qolgan qizchaning topilishiga sababchi bo‘ldi!
Yakunlangan avgust oyi Eldor Shomurodov hayotida katta o‘zgarishlar yuz bergan davr bo‘ldi. Bir mavsum “Jenoa”da to‘p surgan hamyurtimiz Italiyaning eng qudratli klublaridan hisoblangan “Roma”ga ko‘chib o‘tdi.
Joze Mourino jamoasi dastlabki ikki tur yakuniga ko‘ra, yuz foizlik natija bilan peshqadamlar safida bormoqda. Bu rimliklar mavsum oxiriga qadar yuqori o‘rinlar va Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashishidan dalolat beradi. Shuningdek, “Roma” futbolchilari Italiya kubogi va UEFA Konferentsiyalar ligasida ham imkon qadar bosh sovrinni qo‘lga kiritishga harakat qilishi kutilmoqda.
“Roma” matbuot xizmati yaqinda Eldor Shomurodovning transferi yo‘qolib qolgan polshalik qizning topilishiga xizmat qilgani haqida xabar tarqatdi.
Ma’lumki, “Roma” mutasaddilari har bir transfer haqidagi yangilik va xabarlarga butun dunyo bo‘ylab yo‘qolgan va qidirilayotgan bolalar haqida ma’lumot va ularning suratini ham joylashtirib boradi. Bolalarni tezroq topilishi va ko‘pchilikning e’tiborini jalb qilish maqsadida amalga oshirilayotgan bu tashabbusni rimliklar ikki yildan beri qo‘llab kelmoqda. Klub ro‘yxatdagi bolalarni tanigan odamlar qaysi tashkilotga bog‘lanishi kerakligi, telefon raqamlari, murojaat usullari haqida batafsil va aniq ma’lumot beradi.
Xususan, joriy yilning 2 avgust kuni 17,5 million evro evaziga “Jenoa”dan “Roma”ga transfer qilingani haqidagi klubning rasmiy xabariga yo‘qolgan bolalar haqidagi axborotlar ham ilova qilingan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, aynan Shomurodov transferi haqidagi xabarni o‘qigan muxlislardan biri ilovadagi qizchani tanigan va tegishli idoraga xabar bergan. Shu tariqa, avgustning boshidagi e’lon yordamida yo‘qolib qolgan polshalik qizcha topildi.
- Men farzandini yo‘qotgan oilaning g‘am-tashvishini engillashiga sababchi bo‘lganimdan qanchalar xursand ekanimni ifoda qilishim qiyin. Men ushbu klubning bir bo‘lagi bo‘lishdan baxtiyorman va biz futbol ommaviyligidan mana shunday maqsadlarda foydalanayotganimizdan behad faxrlanaman, - dedi Eldor Shomurodov.
Legionerimizning bu dil so‘zlari “Roma”ning matbuot xizmati orqali e’lon qilindi.
Umuman olganda, “Roma”ning qidirilayotgan bolalar haqida ma’lumot berish tashabbusi orqali dunyo bo‘ylab 12 nafar o‘g‘il-qiz topilgan.
Avvalroq, ya’ni 2019 yilda Turkiyaning “Genchlerbirligi” jamoasi o‘yinchisi Mert Chetin “Roma”ga o‘tgani haqidagi xabarda qidirilayotgan 11 nafar bolakayning ma’lumotlari ham berilgandi. O‘shanda londonlik qizaloq yo‘qolganidan qariyb bir hafta o‘tib, sog‘-salomat topilgan.
Shuningdek, Eldor Shomurodov bilan o‘tgan mavsumda “Jenoa”da o‘ynagan Davide Dzappakosta ham 2019 yilgi mavsumda “Roma” sharafini himoya qilgan. Uning transferiga oid xabarlar yordamida ham belgiyalik bolakay uyiga qaytarilgan.
Fikrlar