
Shomurodovni “Jenoa”da nimalar kutmoqda?
Kamida bir yil davomida muhokama qilingan Miranchuk transferidan farqli o‘laroq, Shomurodov kelishuvga juda tez erishdi. So‘nggi Osiyo Kubogining eng yaxshi o‘yinchilaridan biri, "Rostov"ning asosiy to‘purari taxminan bir hafta muzokara olib bordi. Rostovliklar ham ortiqcha injiqlik qilmadi va o‘z yulduzini Italiyaga qo‘yib yubordi.
"Jenoa" skauti Aurelio Rossi avgust oyining oxirida genuyaliklar prezidentiga muammoli markaziy hujum pozitsiyasiga da’vogarlarning qisqa ro‘yxatini taqdim etdi. Ikki yil ichida Genuya klubi birdaniga ikkita hujum yulduzini yo‘qotdi. Birinchidan, Kshishtof Pyontek port shaharni Milanning zamonaviy ko‘chalari bilan almashtirgan bo‘lsa, Kristian Kuame yuqoriroq darajadagi “Fiorentina”ga yo‘l oldi. Mavsum avvalida bosh murabbiy Rolando Maran amalda foydasiz bo‘lgan uchta variantga ega edi:
-Mourinoning "Inter"ida o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etgan qariya Pandev;
-Krauchning italyancha ko‘rinishi - Mattia Destro;
-Italiyaga endigina moslashayotgan juda yosh Joel Asoro.
Ushbu holatda Shomurodov nafaqat bu kurashda g‘alaba qozonishi, balki jamoa etakchisiga aylanishi shart!
Genuyada Eldorning faqat oldinga intilishi uchun ko‘p sabablar mavjud. Shunga qaramay, unga bu borada to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan omillar ham yo‘q emas. "Jenoa"da ko‘p yillar davomida g‘alati qarorlari bilan tanilgan prezident hukmronlik qilmoqda. Enriko Peretsiosi bir mavsumda murabbiylarni olti marta ishdan bo‘shatishi, ularni haydab yuborishi va bir oy ichida yana ortga qaytarishi mumkin (Ivan Yurich hamda Davide Ballardini bilan shunday holat yuz bergan). Yoki kiyim almashtirish xonasiga kirib, asosiy tarkibga o‘zi istagan o‘zgartirishlarni kiritishi ham ehtimoldan xoli emas.
Genuyaliklarning azaliy raqibi "Sampdoriya" bilan ko‘p yillik to‘qnashuvlari va hatto, doping vositalari bilan bog‘liq mash-mashalar haqida gap-so‘zlar bor. Genuyaliklar o‘yini muammolarga to‘la. Mavsum boshida ular chempionatning eng yomon jamoalaridan biri maqomini oldi va "Corriere dello Sport" nashri tomonidan o‘tkazilgan “A Seriyada ishtirok etishga eng nomunosib jamoa” so‘rovnomasida eng ko‘p ovoz to‘pladi. Klub prezidenti Peretsiosi bu ishda “Sampdoriya”ni aybdor qilib ko‘rsatdi. Jamoa rahbari ashaddiy raqibi bunday provokatsion so‘rovnomani tashkil etishda bosh-qosh bo‘lganligini iddao qildi. Biroq, Shomurodovning transferi marketing nuqtai nazaridan juda foydali bo‘ldi. Bugun allaqachon klubning ijtimoiy tarmoqlarida rus va o‘zbek tillarida izohlar to‘ldirilgan.
Eldor butun millatning A Seriya olamiga yo‘lboshchisi. Shubhasiz, agar koronavirus tufayli bo‘sh tribunalar bilan o‘yin o‘tkazishga to‘g‘ri kelmaganida, "Luiji Ferraris" stadionida O‘zbekiston bayroqlari ko‘zga tashlanar va ishqibozlarining hayqiriqlari yangrar edi. Bunday voqea Italiya uchun umuman yangilik emas: "Roma" bir yil oldin turk futbolchisi Mert Chetinni Turkiyada mashhurligini kuchaytirish uchun atayin sotib oldi, “Bolonya” Osiyoda o‘z nomini kengroq yoyish maqsadida Yaponiyadan Tomiyasuni olib keldi va "Yuve" Ueston Makkennini AQShda yanada ko‘proq muxlislarga ega bo‘lish uchun Turinga taklif qildi. Mana bu puxta o‘ylangan haqiqiy ishbilarmonlarga xos reja edi.
Shomurodovning xarid qilinishi nafaqat marketingga qaratilgan yurish, balki futbolchining kelgusi faoliyati uchun ham foydali bo‘lishiga ishonamiz. Vakilimiz oldindagi bahslarda Kellini, Kulibali kabi mahoratli himoyachilar qarshiligini sindirib, Buffon, Donnarumma kabi jahon tan olgan posbonlar darvozasiga gollar urishini kutyapmiz. Va tabiiyki, to‘purarlar kurashida Shomurodovni Ronaldu, Immobile, Ibragimovich kabi hujumchilar bilan jiddiy raqobat kutmoqda. Hamyurtimiz bu kurashda g‘alaba qozonishi lozim!
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar