Shoxnazar Norbekov: "Pulga qiziqib bordim, boshqa xato qilgim kelmayapti"

  • 21 dekabr, 2022, 23:50
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Shoxnazar Norbekovning “Qo‘qon-1912” jamoasidagi faoliyati yakuniga etdi. Mavsumning birinchi qismini “Metallurg”da, ikkinchi qismini qo‘qonliklar safida o‘tkazgan o‘yinchi yangi mavsumni yana boshqa jamoada o‘tkazadi. Hozircha uning xizmatiga qiziqish bildirayotgan klublar bor.

Tecno

“Superligaga chiqsa yana qaytaman”

- “Qo‘qon-1912”dan ketishimning sababi pro ligadan tushib ketgani bo‘ldi. Bu erda shuncha yil o‘ynadik, yuragimga yaqin jamoa. Faqat hozir boshqa klublardan takliflar borligi uchun Superligada o‘ynab turamiz. Superligaga yana chiqsa klubga qaytamiz.

“Rahbariyat hamma sharoitni qilib berdi, afsuski...”

- Futbolda ko‘p narsani tarkib hal qilmaydi. Agar hammasi tarkib bilan ish bitsa puli ko‘p klublar faqat yulduzlarni yig‘ib oladi. Jamoaning umumiy o‘yin chizmasi bo‘lishi lozim. Hamma borini berdi, ammo darvozaga gol kirmadi. Gol urmasak yutolmaysiz. Keyin ochko yo‘qotasiz va natijada tushib ketasiz. O‘zimiz vaziyatlardan foydalana olmadik va xato qildik. “Qo‘qon-1912”ni Superliga bilan xayrlashishida kimnidir aybdor qilish noto‘g‘ri. Bunda murabbiylar, futbolchilar, hammaning aybi bor. Rahbariyat biz uchun hammasini qildi, sharoitlarni yaratdi, afsuski boya aytganimdek, bunga o‘zimiz - murabbiylar shtabi, futbolchilar, shifokor, massajchi – barchamiz sababchimiz.

shoxnazar1

“Baxtiyor aka xarakterimni biladi”

- Yangi mavsumni hali qaysi klubda boshlashim aniq emas. Muzokaralar ketyapti. Hozircha o‘zimga yaqini “Turon” bo‘lib turibdi. Bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov meni yaxshi biladi. Uch yildan beri barqaror o‘ynayotgan bo‘lsak, bunda murabbiyning hissasi bor. Baxtiyor aka xarakterimni ham biladi. Bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Agar chetdan yaxshiroq taklif bo‘lib qolmasa, “Turon” varianti amalga oshishi mumkin. Baxtiyor aka ham agar xorijdan yaxshi taklif bo‘lsa, borib o‘ynab kelaverasan degandi.

“Malayziya va Tailanddan taklif bor”

- Menga Tailand va Malayziya klublaridan taklif bor. Bungacha Indoneziyaga ketishim aniq bo‘lib qolgandi. Biroq stadionda yuz bergan noxush voqeadan keyin muammolar bor. Ungacha menga tayyor shartnoma jo‘natishgandi. Malayziya yoki Tailandga ketib qolishim mumkin, bu qiyin masala. Ularning chempionat saviyasi past, baribir uyingda o‘ynaganga nima etsin! Chetga nima uchun boramiz? Oilaga yordam berish uchun pul topganida. Agar ketishga xohish bo‘lmasa o‘zimizda o‘ynaganim yaxshi.

shoxnazar2

“Superligadan boshqa takliflar ham bor”

- Menga Superligadan boshqa takliflar ham bor. Ammo ularni aytsam maqtanish bo‘lib qolmasin. Bir marta “Metallurg”ga borib xato qildim. Pulga qiziqib bordim. Boshqa xato qilgim kelmayapti. Futbol o‘ynab peshona terim bilan pul topgim kelyapti.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Adham Sherboyev
22/12/2022 14:53
Shoha yaxshi futbolchi! Terma jamoaga ham bemalol tortadi
&
asl_legioner
22/12/2022 00:28
Iltimos 3-4 yildan keyin ko'ramiz....! Kim kaerdaligini....
Adham Sherboyev
22/12/2022 14:52
Bu gapni manosiga tushunmadim nima demoqchi bo'lgansiz