Shuhrat Maqsudov "Bunyodkor" rahbariyatida ish boshlaydimi? Yoxud o‘zining taqdiri borasidagi farazlari va boshqalar haqida

  • 2 dekabr, 2020, 07:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futbolining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri – Shuhrat Maqsudovni ko‘pchilik namuna qilib ko‘rsatadi. Chunki u o‘zbek futboliga nimadir bera olgan. So‘zlarimizning isboti tariqasida uning O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, 12-Osiyo o‘yinlari g‘olibi hamda “Shuhrat” medali sohibiga aylanganini ta’kidlashimiz ham o‘rinli. Shu bois doim ular hurmatda va e’zozdadir. Kuni kecha sports.uz muxbiri bilan bir qator muhim masalalar bo‘yicha muloqot qildi.

Tecno

“Bunyodkor” bilan “Nasaf”ni “Hasan-Husan”dek tasavvur qilaman”

Maqsudov anchadan beri “Bunyodkor”da Vadim Abramovga yaqindan yordam berib kelayotganini barcha yaxshi biladi. Lekin hali biror klubda mustaqil ravishda boshqarganini ko‘rmadik. Shunday ekan, Shuhrat Maqsudov qachon bosh murabbiyga aylanadi?

-  Avvalo O‘zbekiston muxlislariga sog‘lik-salomatlik tilayman, - deya gap boshladi, Maqsudov. - Tezroq koronavirus kasalligi bartaraf etilishini tilab qolaman. Endi o‘zimning faoliyatimga keladigan bo‘lsak, taqdir degan gap bor. Har doim ham insonning o‘zi xohlagani bo‘lavermaydi. Odam o‘zi bilmagan holda qaysidir mansab yoki lavozimda ishlab qolishi mumkin, bu taqdir. Futbolchilik faoliyatim davomida 10 yil “Paxtakor”da to‘p surgan bo‘lsam, o‘sha paytlarda keyinchalik 11 yil yil “Neftchi” sharafini himoya qilaman, deb o‘ylamagandim. Ko‘ryapsizmi, bu taqdir. Albatta, o‘zim ham bosh murabbiy sifatida ishlashni xohlayman. Lekin taqdirim qanday bo‘lishini Allohning hukmiga tashlab qo‘yganman. Ayni paytda Vadim Abramovga yordamchi bo‘lib ishlayotganimdan xursandman. Kezi kelganda aytmoqchimanki, chempionat tugashiga bir tur qolganda sovrindor jamoalar ma’lum bo‘ldi. “Paxtakor”ni qo‘lga kiritgan oltin medallari uchun chin ko‘nglimdan tabriklayman. “Nasaf” esa bizning jamoamizni mag‘lub etganidan keyin ikkinchi o‘rin egasiga aylandi. Kumush medal bilan ularni qutlayman va AGMK jamoasini uchinchi o‘rin sohibiga aylangani uchun ham tabriklayman. Ayniqsa, “Nasaf” va uning muxlislarini chin qalbimdan tabriklamoqchiman. “Bunyodkor” bilan “Nasaf”ni “Hasan-Husan”dek tasavvur qilaman. Futbolni haqiqiy va sevgan insonlar buni yaxshi tushunadi. Ikkala jamoa akademiyalaridan chiqayotgan yoshlar o‘z kuchiga ishonib musobaqada qatnashishyapti. Natijada bu jamoalar sovrindorlar qatoridan joy egallashyapti. O‘tgan yili “Bunyodkor” bronzani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu yil “Nasaf” haqqoniy tarzda kumush medalini qo‘lga kiritdi. Shu o‘rinda yana bir gapni aytib o‘tishim kerakki, bu men uchun ham farz, ham qarz hisoblanadi: fursatdan foydalanib, “Bunyodkor”ning har bir futbolchilari, ishchi-xodimlari va murabbiylariga minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Chunki bu mavsum juda og‘ir kechdi, hamma jamoa uchun. Pandemiyadan keyin ham boshqalarga qaraganda ayniqsa, “Bunyodkor” qiyinchilikka tushib qoldi. Shunga qaramasdan, jamoaga ming rahmat, negaki, so‘nggi turgacha klubimiz sovrindorlar orasiga kirishga harakat qildi. Shaxsan o‘zim “Bunyodkor”ni sovrindorlar qatoridan joy olgandek his qilaman. Jamoa a’zolarini maosh olishlari cho‘zilib ketgan. Ammo homiylarimizga ishonamiz. Albatta, vaziyat o‘zgaradi.

maksudov3

“Bunyodkor” rahbariyatida ishlash borasida nomzodim bor”

Yana bir asosiy masala borki, bundan chetlab o‘ta olmaymiz. So‘nggi paytlarda aynan Shuhrat Maqsudovni “Bunyodkor” rahbariyatida ish boshlashi mumkinligi haqida eshitayotgandik. Bu aslida qanchalik to‘g‘ri?

-  Mening “Bunyodkor” rahbariyatiga nomzodim borligi haqida to‘g‘ri eshitgan ekansiz. Ammo hali bu jarayon oxirigacha etib borgani yo‘q. Hozircha ushbu masala ochiq turibdi. Hali bir to‘xtamga kelinmagan. Meni nomzodim bor, o‘zim ham rozilik berganman. Boya aytganimdek, hozircha bu ish oxiriga etgani yo‘q, - dedi Maqsudov.

“Klubdan ketish niyatim yo‘q”

Umuman olganda, uning keyingi rejalari qanday? “Bunyodkor”da qolmoqchimi yoki omadini boshqa jamoadan izlab ko‘rmoqchimi? Bu haqida murabbiy aniq javob berdi:

-  “Bunyodkor” jamoasidan hech qaerga ketgim kelmayapti. Chunki “Bunyodkor” o‘z nomi bilan “Bunyodkor”. Bunday klubdagi shart-sharoitlar hamma joyda ham yo‘q. Klubning akademiyasi juda yaxshi. U erdan chiqayotgan yoshlarni ko‘rsangiz ko‘zingiz quvonadi. Kelajakda terma jamoalarimiz uchun nomzod futbolchilarni qancha ko‘p etishtirib bersak, bu bizning yutug‘imizga aylanadi. Yuqorida aytganimdek, baribir “Bunyodkor”dan ketish niyatim yo‘q.

maksudov2

“Bunyodkor” futbolchilari bilan faxrlanaman”

Shu bilan birga undan joriy chempionatda syurpriz ko‘rsatgan jamoa qaysi deya so‘raganimizda, o‘ziga xos javob qaytardi:

-  Bu mavsumda syurpriz ko‘rsatgan jamoa sifatida faqat “Bunyodkor”ni ayta olaman. Ancha-muncha jamoa bunday sharoitda salbiy natijalar tufayli oxirgi o‘rinlarga tushib qolgan bo‘lardi. Buni aynan “Bunyodkor”da ishlayotganim uchun aytmayapman. Faqat, barcha vaziyatni ko‘rib, bilib turganim uchun gapiryapman. Futbolchilarga tasanno. Ular murabbiylarning hurmatini qilib, jon kuydirib to‘p surishdi. Men ushbu o‘yinchilarimiz bilan faxrlanaman. Deyarli barcha o‘yinchilar akademiyamizdan etishib chiqqan. O‘z vaqtida mening qo‘l ostimda yoshlar jamoasi bilan chempion bo‘lgandik. O‘sha tarkibdan ko‘plab futbolchilar asosiy jamoada munosib to‘p surishyapti va yaxshi natijalar ko‘rsatishyapti.

“Hakamlarga berganlarga ham tegishli qarorlar chiqishini istayman”

Shuningdek, O‘FA tomonidan hakamlarning o‘yinlarni noxolis boshqarganligi aniqlanib, uch nafariga jazo tayinlangani yuzasidan ko‘plab fikr va mulohazalar bildirilyapti. Bu masala bo‘yicha Maqsudov quyidagilarni aytdi:

-  Bilasizmi, bunga javob bera olmayman. Hakamlar mavzusida ularni ustida turadigan nazoratchilari, komissiyalari bor. Hammasi ko‘rib, adolatli qaror chiqarishyapti deb o‘ylayman. Faqat shuni aytishim mumkinki, hakamlar olgani uchun jazolandi, lekin boshqalar bermasa olmaydi. Shu bois bergan insonlarga ham tegishli qarorlar chiqsa to‘g‘ri bo‘lardi, deb o‘ylayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!