
«Siti»ning muxlisi yo‘q? Yangi avlod vakillari o‘qisin!
2021 yilning 8 fevral sanasida «Manchester Siti» o‘tmishining bir bo‘lagi qulab tushdi. Klub tarixidagi ilk chempionlikni ko‘rgan muxlisa Vera Koen vafot etdi. Bu nom sizga notanish bo‘lishi mumkin, biroq…
1933 yil 16 yoshli Vera uchun o‘zgacha boshlandi. Sababi, aynan shu yil u o‘z sevimli jamoasi ishtirokidagi ilk o‘yinni stadiondan turib tomosha qilish baxtiga muyassar bo‘ldi. «Meyn Roud» arenasi u o‘qiydigan maktabning yonginasida joylashgan edi. Shu bois, o‘yin kuni stadiondagi shovqin shundoqqina eshitilib turar, har safar qizcha futbol o‘yinini jonli tomosha qilish haqida o‘ylar edi.
Koen ilk bor stadionga tashrif buyurdi va 90 daqiqa «Siti»ni qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa, u jamoaning personal muxlisasiga aylandi. Futboldagi azart, muxlislar his etadigan quvonchni tuygach, qizcha futbol olamining bir bo‘lagiga aylandi.
1932/33 yilgi mavsumni «Siti» 16-o‘rinda yakunladi. Asosiysi, elitada jon saqlab qolish vazifasi uddalandi. Oradan bir yil o‘tib, klub Angliya liga kubogida zafar quchdi. 1937 yilda «shaharliklar» o‘z tarixlarida ilk bor Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi. Manchester shahrining boshqa jamoasi elitani tark etgani, chempionlikning qiymatini yanada oshirib yubordi.
Klub o‘z tarixida qo‘lga kiritgan 26 ta sovrinning barchasiga Koen guvoh bo‘lgan. Birgina 1904 yildagi Angliya kubogi bundan mustasno. G‘alabalardan tashqari, og‘ir kunlarda ham Koen klub bilan elkama-elka turishni uddaladi. 1998/99 yilgi mavsumda «Yunayted» butun dunyoni zabt etganida, «shaharliklar» 3-ligada qolish uchun kurash olib borayotgan edi. Bu paytga kelib, Vera Koen ancha qarib qolgan bo‘lsa-da, o‘yinlarni o‘tkazib yubormaslikka odatlangan. Veraning turmush o‘rtog‘i erta vafot etadi. Shu sababli, unga futbol uchrashuvlarida ko‘pincha singlisi Olga Xalon hamrohlik qila boshladi.
«Shayx Mansur jamoa tepasiga kelgach, jamoamizda ajoyib ijrochilar paydo bo‘lishni boshladi. Yaya Ture, David Silva, Kun Aguero… Buyuk futbolchilar. Ederson?! Qarilikka yo‘ymang, lekin bu yigitning badanidagi suratlari menga sira yoqmaydi. U hali klub uchun o‘zini fido qilgani yo‘q. Shu bois, uni o‘z ro‘yxatimga qo‘sha olmayman».
Bu so‘zlar «Manchester Siti»ning ilk chempionligini ko‘rgan Vera Koenning singlisi – Olga Xalonga tegishli.
«Siti» 2012 yilda 44 yillik tanaffusdan so‘ng shohsupaga ko‘tarildi. KPR bilan hal qiluvchi uchrashuv yodingizdami?! O‘sha bahsni opa-singgilar «Etihad»da jonli tomosha qilgan. Aguero hal qiluvchi golni kiritganda, qariyalar hamma singari baland ovozda shovqin ko‘targan.
«Bilasizmi, bu soniyalarni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Gol kiritilgach, meni baquvvat bir yigit mahkam bag‘riga bosib oldi. Uyog‘iga nima bo‘lgani esimda yo‘q. Butun «Etihad» qalqib ketgan edi», - deb xotirlaydi Olga Xolen.
Vera 100 yoshga to‘lganida, «Siti» uning sharafiga tushlik uyushtirdi. Manchesterdagi eng qimmat restoranlardan biri band qilindi. Klub vakillari, jamoaning tarixdagi bir bo‘lagi sanalgan Koenga 100 raqam tushirgan ramziy futbolkani taqdim etdi. Shuningdek, klub o‘yinlariga tashrif buyurish uchun abadiy faol karta ham. Bu hali hammasi emas edi. Oradan bir necha kun o‘tgach, «shaharliklar» sardori Vensan Kompani opa-singillarnikiga mehmonga keldi. Ular futbolchini shirinlik bilan kutib oldilar.
«Buvim chinakam afsona. Uning futbol o‘yinlarini arenadan tomosha qilishi ba’zan kulgili tuyulishi mumkin, biroq bu uning hayoti edi. U aynan futbol bilan tirik».
Darhaqiqat, «Siti» o‘z muxlisasini chinakam afsonalardek hurmat qildi. Ayniqsa, 2018 yilning sentyabr oyida amalga oshirilgan kichik tadbir, butun dunyo muxlislari e’tiborini tortdi. «Siti» o‘z uyida «Fulxem»ga qarshi bahs oldidan maydonga klubning sodiq muxlisalarini olib tushdi. Jamoa sardori David Silva Vera Koenni qo‘lidan tutgan bo‘lsa, Fernandino Olga Xalon bilan yashil maydonga chiqib keldi.
«Men jamoamiz faxri David bilan maydonga chiqib keldim. Tribunalar o‘rtasidan unga ajoyib futbolchi ekanligini aytdim. So‘ng, bugun men uchun gol kiritishini iltimos qildim. U va’dasida turdi».
O‘sha uchrashuvda «Siti» raqibni 3:0 hisobida taslim qildi. O‘yindan so‘ng, shaxsan Pep Gvardiola opa-singillar bilan suhbat qurdi.
«Pep chinakam afsona. Men klubimizning juda og‘ir kunlarini boshdan o‘tkazganiga guvoh bo‘lganman. Gvardiola Manchesterda abadiy qolishiga umidvorman. U bor kuchi bilan «Siti»ni super jamoaga aylantirishga urinmoqda. Bundan 50-60 yil ilgari bizning uy stadionimizda hatto tablo ham yo‘q edi. Endi hamma narsa mavjud. Bundan unumli foydalanish lozim».
Pep Manchesterda abadiy qolmasligi aniq, biroq u Olga istagan navbatdagi chempionlikni taqdim etishga qodir. Afsuski, Koen butun umr sodiq qolgan klubining navbatdagi triumfini ko‘ra olmaydi. Yaqindagina Olga ham 100 yoshni qarshi oldi. Jamoa a’zolari eng keksa muxlislardan biriga pand berishga haqqi yo‘q.
Bugungi avlod muxlislari ko‘z o‘ngida «Siti» kecha paydo bo‘lgan klub obrazida paydo bo‘ladi. Jamoaning birorta personal muxlisi yo‘q, sun’iy ko‘tarilgan proekt! Bunday jumlalarni ko‘p uchratish mumkin, biroq bu noto‘g‘ri. Shunchaki, hozir «Siti»ning “oltin davri”. Buni tan olish lozim. Bu kunlarni Olga va Vera singari ashaddiy fanatlar bir asr davomida kutishgan. Shunday ekan, «shaharliklar» muxlislariga yoqimli lahzalardan lazzat olishlariga imkon yaratib berish lozim.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar