
SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (14-son)
Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.
Frantsiya Polshani qiyinchiliksiz taslim etdi. Mbappe tinmayapti. U jahon chempionatidagi gollar soni bo‘yicha Ronalduni ortda qoldirib, Messiga etib oldi.
Angliya yirik hisobda g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Inglizlar ketma-ket ikkinchi bor chorak finalga chiqdi.
Frantsiya - Polsha 3:1
Nimchorak final doirasida kunning ilk to‘qnashuvi Evropaning ikki jamoasi o‘rtasida kechdi. Musobaqa favoriti va amaldagi jahon chempioni Frantsiya Levandovskisi bor Polsha bilan kuch sinashdi. Unda frantsuzlar 3:1 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
44-daqiqada Olive Jiru uchrashuvda hisobni ochdi. U Mbappening uzatmasidan so‘ng to‘pni darvozaga joyladi.
74-daqiqada bu safar Mbappening o‘zi katta sahnaga chiqdi. Kilian ajoyib va kuchli zarbasi bilan farqni ikkitaga etkazib qo‘ydi. 90+1-daqiqada Mbappe yana bir bor polyaklar posbonini ranjitdi. Uning zarbasi oldida Shchensni har qanaqasiga ojiz qoldi.
90+8-daqiqa o‘tib borayotganda hakam "uch ranglilar" darvozasiga penalti belgiladi. Dastlab, Levandovskining urinishi Loris tomonidan bartaraf etilgandi. Biroq bu vaziyatda hakam qoida buzilganini e’tirof etdi. Unga ko‘ra, darvozabon chiziqni kesib o‘tgan. Shu tufayli qaytadan 11 metrlik jarima zarbasi belgilandi. Bunisida Levandovski xatoga yo‘l qo‘ymadi va hisobni qisqartirdi - 3:1. Shu tariqa, Frantsiya g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘l oldi.
Mbappe Frantsiyaning joriy mundialdagi oxirgi 6 golida muntazam ishtirok etib kelmoqda. U 4 ta gol urib, 2 assist muallifiga aylangan. Shuningdek, u terma jamoadagi gollari sonini 32 taga etkazdi hamda Zinedin Zidandan o‘tib ketdi. Mundiallardagi gollari esa 9 taga etdi. Messida ham shuncha gol mavjud. Ronalduda esa 8 ta.
Jiru 52 ta gol bilan Frantsiyaning eng yaxshi to‘purariga aylandi. U 51 ta gol urgan Terri Anrini ortda qoldirdi.
Ugo Loris Frantsiya terma jamoasida eng ko‘p sardorlik bog‘ichi ostida maydonga tushgan futbolchi bo‘ldi. U 142 bahsda jamoasini etakchi sifatida o‘yinga boshlab tushgan.
Angliya - Senegal 3:0
Nimchorak final bosqichidan o‘rin olgan Angliya – Senegal terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda inglizlar yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Dastlab chap qanotdan uyushtirilgan hujumni Xenderson muvaffaqiyatli yakunladi. U sherigining pasidan so‘ng darvozani ishg‘ol qildi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqada angliyaliklar raqibning hujumini qaytarish bilan birga qarshi hujumga chiqib, gol urishni uddaladi. Xarri Keyn vaziyat qahramoni.
Tanaffusdan keyin ham evropaliklar hujumlar qilishni to‘xtatmadi. Shunday urinishlarning birida Saka o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Ajoyib ijro.
Yirik hisobdagi g‘alabadan so‘ng "uch sherlar" chorak finalga yo‘l oldi. Ushbu bosqichda Sautgeyt shogirdlariga Frantsiya raqiblik qiladi. O‘yin 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Angliya terma jamoasi qatorasiga ikkinchi marta jahon chempionati chorak final bosqichiga yo‘l oldi. JCh-2018da Sautgeyt shogirdlari to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda "uch sherlar" Belgiyaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygan.
Senegalga qarshi bahsda Fil Foden ikki assistni qayd etdi. Bu bilan Foden mundial pley-offlarida 1998 yildan beri ushbu natijani qayd etgan eng yosh futbolchiga aylandi (22 yosh 190 kun). Faqatgina bundan 24 yil oldin braziliyalik Ronaldo Daniyaga qarshi bahsda sheriklariga ikki marta assist bergan edi (21 yosh 284 kun).
Angliya JCh-2022ning eng odobli jamoasi. Inglizlar JCh-2022da hozirgacha birorta kartochka olmadi. Ushbu mundial ishtirokchilari orasida Angliya kartochka olmagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Ispaniyada bitta ogohlantirish olgan futbolchi bor, qolgan jamoalarda kamida ikkitadan sariq kartochka mavjud.
“Chelsi”dan Angliya terma jamoasiga taklif etilgan Rahim Sterling Qatardagi jahon chempionatidan Angliyaga qaytib ketdi.
Hujumkor futbolchi angliyaliklarning nimchorak finalda Senegalga qarshi o‘tkazgan uchrashuvida Rahim Sterlingning yo‘qligi ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Futbolchi terma jamoa bilan Qatarda bo‘lib turgan paytda uning Londondagi uyida o‘g‘rilik sodir etilgan. Rahim Sterling oilasidan xabar olish uchun yurtiga qaytib ketishga majbur bo‘lgan.
Bundan bir necha kun avval “Arsenal” himoyachisi Ben Uayt oilaviy sabablarga ko‘ra, terma jamoani tashlab, uyiga qaytib ketgan edi.
Fikrlar