
Sunnatillo Mamadaliev, Hasanboy Ergashev va Abbos Omonov “Sho‘rtan” yig‘inida ishtirok etmoqda
Shu kunlarda chempionatimizning ikkinchi davrasiga qizg‘in hozirlik ko‘rayotgan “Sho‘rtan” tarkibiga yangi futbolchilar kelib qo‘shilmoqda. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, V.Legay va G.Kochnev qo‘l ostida o‘tayotgan mashg‘ulotlarda Sunnatillo Mamadaliev (“So‘g‘diyona”), Hasanboy Ergashev (“Navbahor”) va Abbos Omonov (“Mash’al”) kabi futbolchilar ishtirok etishmoqda.
Aslida, bu futbolchilar “Sho‘rtan” uchun begona emas. Har uch nafar o‘yinchi ham o‘tgan yili G‘uzor jamoasi sharafini himoya qilishgan edi. Taqdir taqqozosi bilan ular yana jonajon jamoalariga qaytishdi va “oq bo‘rilar”ning ikkinchi davradagi zafarli yurishlariga o‘z hissalarini qo‘shish niyatidalar.
Shu o‘rinda yana bir yangilikni aytib o‘tish kerak, 11 iyul sanasida “Sho‘rtan”ning murabbiylar guruhi va futbolchilari Toshkentdagi Respublika sport tibbiyot ilmiy-amaliy markazida o‘z salomatliklarini tekshiruvdan o‘tkazishadi va tayyorgarlik jarayonlarini davom ettirish maqsadida yana jamoaning G‘uzordagi qarorgohiga qaytishadi. G‘uzordagi mashg‘ulotlar 18 iyulga qadar davom ettiriladi.
Fikrlar