Superligani bezaydigan super o‘yin yoxud bugundan biz kutgan tur boshlanadi

  • 10 sentabr, 08:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

FIFA kunlari yakunlanib, yana milliy chempionatimizga e’tibor qaratamiz. Bugun Superligada 21-turga start beriladi. Faqat bu turda doimgidek 8 ta emas, balki 7 ta juftlik bellashishadi. Samarqandda o‘tishi kerak bo‘lgan “Dinamo” - “Andijon” o‘yini 15 noyabrga qoldirildi.

Tecno

10 sentyabr

19:00. “Nasaf” - “Buxoro”

21-tur Qarshidagi o‘yin bilan boshlanadi. Unda amaldagi chempion va hozirda yakka peshqadam bo‘lib kelayotgan “Nasaf” ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan “Buxoro”ni qabul qiladi. Ikkala jamoa ikki xil maqsad uchun kurashyapti. “Nasaf” favorit sifatida maydonda gavdalanadi va mehmonlar qarshi hujum taktikasini qo‘llaydi. Bu o‘yinda hujumkor taktika “Buxoro”ga to‘g‘ri kelmaydi.

11 sentyabr

18:30. “Mash’al” - “Sho‘rtan”

Voha derbisida ikki qo‘shni jamoa bellashadi. “Sho‘rtan” yaqqol autsayder bo‘lib turibdi. Uch ochko ishlab olish uchun ikkala jamoada ham yaxshi imkoniyat mavjud. Qizig‘i, “Mash’al” uy o‘yinlarini G‘uzorda “Sho‘rtan”ning stadionida o‘tkazmoqda. G‘uzorliklar o‘z uyida “mehmon” rolida bo‘ladi.

12 sentbyar

18:30. “So‘g‘diyona” - OKMK

Jizzaxda ajoyib o‘yin guvohi bo‘lamiz. “So‘g‘diyona” va OKMK klublari o‘rtasidagi uchrashuvlar odatda juda murosasiz va hujumkor tarzda kechadi. Ivan Boshkovich ham, Mirjalol Qosimov ham bir-birini yaxshi bilishadi. Ikkinchi davrada tarkibini kuchaytirgan “So‘g‘diyona”ning OKMKga “tish”i o‘tarmikin?

19:30. “Navbahor” - “Surxon”

Sergey Lushchan shogirdlari bu turda Namanganda “Surxon”ga qarshi maydonga tushishadi. Kim yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa o‘sha taraf g‘alabani ilib ketadi. Ammo durang bilan ham yakun topishi hech gap emas.

13 sentyabr

18:00. “Qo‘qon-1912” - “Qizilqum”

Qo‘qonda maydon egalari “Qizilqum” bilan bahs olib boradi. Mezbonlarga oson kechmaydi. “Qizilqum” klubi 9 ta turdan beri yutqazmasdan kelyapti. Aniqrog‘i, Akmal Rustamov bosh murabbiy postiga kelgach, hali mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Chempionat doirasida 6 ta durang va 3 ta g‘alaba qozonildi. FIFA kunlaridagi tanaffusdan qanday chiqqanini Qo‘qondagi bahsda kuzatamiz.

19:00. “Paxtakor” - “Neftchi”

Turning markaziy uchrashuvi Toshkentda o‘tadi. Chempionlik uchun da’vogarlardan biri “Neftchi” “Paxtakor”ning mehmoni bo‘ladi. Ikki azaliy va printsipial raqiblar to‘qnashuvi katta sarguzashtlar ostida o‘tsa ajab emas. Farg‘onadagi o‘yinda “Paxtakor” 0:4 hisobida raqibini tor-mor keltirgani hammani yodida. Bu “o‘zbek klassikosi” deb ham nomlanadi. Super o‘yinning ahamiyati ham, darajasi ham katta. Ikkalasini mag‘lub bo‘lishga haqqi yo‘q, ayniqsa, bunday uchrashuvda.

14 sentyabr

18:00. “Bunyodkor” - “Xorazm”

Ilyos Zeytullaev jamoasi Hakim Fuzaylov boshqaruvidagi “Xorazm”ga qarshi maydonga tushadi. Sifatli o‘yin ko‘rsak kerak. “Xorazm” etakchilarga qarshi o‘zidan yaxshi taassurot qoldirganini oldingi bahslarda ko‘rdik. “Bunyodkor” o‘z ustunligini ko‘rsata oladimi yo “Xorazm” bunga yo‘l qo‘ymaydimi? Birgalikda kuzatamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!