
Toshkentda karate bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkaziladi
Joriy yilning 15-16 iyun kunlari Toshkent tumani markazidagi tuman sport maktabiga qarashli "Universal" sport majmuasida karate WKF bo‘yicha v-an’anaviy "KELES OPEN-2024" xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi.
Yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida beshinchi bor o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro turnirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston hamda Rossiya davlatidan eng sara karatechilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Toshkent tumani hokimligi, Toshkent viloyati sport boshqarmasi, O‘zbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent tumani sport maktabi va boshqa qator mas’ul tashkilotlar "Keles karate" sport klubi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish uchun hozirda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 3 noyabrdagi "Karate (WKF) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi 356-sonli qarori ijrosini ta’minlash, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga, xususan, karate sport turiga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish, iqtidorli sportchilarni saralash va terma jamoalarga jalb etishdan iborat bo‘ladi.
Fikrlar