Toshkentda osiyolik yosh xokkeychilar uchun xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkaziladi

  • 7 iyul, 2023, 20:19
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Xokkey
CHERY AUTO

1-7 avgust kunlari Toshkentda osiyolik yosh xokkeychilar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etiladi. Osiyo Olimpiya kengashi, Xalqaro muz ustida xokkey federatsiyasi (IIHF) bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan ushbu tadbirda qit’amizning 30 ga yaqin mamlakatidan yosh sportchilar va ularning murabbiylari ishtirok etishadi. Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida IIHFning Osiyo va Okeaniya mintaqasi bo‘yicha menejeri Xarald Springfild bilan ushbu tadbirga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.

Tecno

Mehmonni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi. Shuningdek, ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi Ijrochi direktori Elbek Mahmudov ham ishtirok etdi. Oybek Omilovich X.Springfildga mamlakatimizda so‘nggi davrda qishki sport turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor haqida gapirar ekan bunga “Humo arena” ko‘p tarmoqli muz saroyi, “Amirsoy” chang‘i kompleksi, "Alpomish" majmuasi va viloyatlarda qurilayotgan muz saroylarini yaqqol misol tariqasida keltirdi. Qolaversa, yosh xokkeychilarimizning xalqaro maydondagi yutuqlarini alohida e’tirof etib, bu kabi loyihalar yurtimiz sporti uchun muhim ekanini bildirdi.

O‘z navbatida, IIHF vakili O‘zbekiston xokkey federatsiyasi ushbu loyihaga katta tayyorgarlik ko‘rayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, mamlakatimiz xalqaro yig‘inni yuqori darajada o‘tkazishiga aslo shubha qilmasligini, kelgusida hamkorlikda yanada ko‘plab loyihalarni amalga oshirish mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Rejaga muvofiq, xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini ikki qismdan iborat bo‘ladi. Dastlab ishtirokchilarga nazariy bilim beriladi. Shundan so‘ng tinglovchilar o‘z qobiliyatlarini “Humo arena”da o‘tadigan amaliy mashg‘ulotlarda namoyish qilishadi.

Manba: MOQ

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!