
Transfer bozorini "yondirayotgan" "Arsenal"!
Yakuniga etgan mavsumda Premer-ligada ikkinchi o‘rinni olgan "Arsenal" kutilmaganda "Manchester Siti" bilan chempionlik uchun kurash olib bordi. "Kanonirlar" o‘tgan yozda bitta hujumchi (Gabriel Jezus) va bitta chap qanot himoyachisi (Aleksandr Zinchenko)ni sotib oldi. Mana shu ikki transferni amalga oshirgan holda London klubi APLda "shaharliklar"ga bilan jang olib bordi. Qishda ham bir qator xaridlar qilgan, lekin Arteta xohlagan transferlarni ko‘pi amalga oshmay qolgandi. Misol uchun, Moyses Kaysedo, Dushan Vlaxovich kabi o‘yinchilar hozir tarkibda bo‘lishi mumkin edi. Ammo klubning Chempionlar ligasida qatnashmasligi va katta byudjet ajratilmasligi sabab ko‘plab klublar "kanonirlar" bilan kelisha olmasdi. Endi vaziyat o‘zgardi. "Arsenal"da ikkala holat ham yaxshilandi. Endi klub ChLda o‘ynaydi va byudjet ham yaxshi. Artetaga transferlar uchun 200 million funt ajratildi va ispaniyalik mutaxassis undan maksimum foydalanmoqchi. Siz esa quyida Mikelning rejalari haqda batafsilroq bilib olishingiz mumkin.
"Asenal" ayni damda 4 ta transfer ustida ishlamoqda. Klubning asosiy maqsadi Deklan Raysni o‘z tarkibiga qo‘shib olishdir. Hozircha ikkita taklif ham rad qilindi. Londonliklar ingliz yarim himoyachisi uchun 75+15 million funt to‘lamoqchi edi, lekin "Vest Xem" hech qanday qo‘shimcha to‘lovlarni istamayapti. "Bolg‘achilar" 24 yoshli futbolchini 100 million funtga sotishi mumkin, degan mish-mishlar bor. Shuningdek, "Arsenal" Rays uchun kurashdan chiqib ketgani yo‘q. Klub tez orada 3-taklifni ham yuboradi. Ta’kidlash joiz, "Vest Xem" Deklan uchun "Manchester Siti" qancha to‘lay olishiga qiziqmoqda. Rahbariyat faqatgina Manchester jamoasi yarim himoyachi uchun ko‘proq bera olishiga ishonmoqda. "Shaharliklar"ni Gyundogan tark etishi sababli, Gvardiolaga yangi yarim himoyachi kerak bo‘ladi. Ammo Rays uchun "Arsenal" varianti ma’qul kelgan. Uning o‘zi ham tezroq London klubiga o‘tishni istamoqda.
"Arsenal" Rays transferidagi ishlaridan bo‘shagan vaqtida Kay Xaverts xaridini amalga oshirishga urinmoqda. Klub va futbolchi kelishib olgan. "The Athletic" nashri "kanonirlar" 60+5 million funtlik taklif bilan chiqqani va "Chelsi" bunga rozi bo‘lgani haqda xabar berdi. Yarim himoyachi shu haftada "Arsenal"ga o‘tadi. U uzoq muddatli bitimga rozi bo‘lgan. Xavertsning kelajagi biroz so‘roq ostida turgandi. Unda Bundesliga va Ispaniyaga yo‘l olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ammo futbolchi uchun so‘ralgan summani hech qaychi jamoa to‘lashni xohlamadi. Kay tez orada tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va yangi jamoaga ko‘chib o‘tadi. Xullas Fabritsio Romano tilida aytganda: "Here we go". Arteta Xavertsni yangi darajaga olib chiqishiga ishonadi.
"Arsenal"ning rejasida "Ayaks" himoyachisi Yurrien Timberni sotib olish ham bor. Futbolchining o‘zi Arteta qo‘l ostida to‘p tepishga rozi bo‘ldi. Endi Niderlandiya klubi bilan kelishib olinishi kerak. Ushbu transfer taxminan 40-45 million funt bo‘lishi kutilmoqda. "Arsenal"ning birinchi taklifi (30 million funt) rad qilingan. "Ayaks" kattaroq summa xohlamoqda. Kurashda "Bavariya" ham bor, lekin Timber nemislar safiga o‘tishga qarshilik qildi. Shuningdek, "Manchester Yunayted" himoyachini o‘z tarkibiga qo‘shib olishi mumkin bo‘lgan klublar orasida mavjud edi. Ten Xag o‘tgan yozda ham uni qo‘lga kiritishni istagan, biroq MYu yana bir Martinesga o‘xshash himoyachi sotib olishni xohlamadi. Mish-mishlarga ko‘ra, Yurrien "Arsenal"da 5 yillik faoliyati uchun haftasiga 150 ming evro ishlab oladi.
"Sautgempton" yarim himoyachisi Romeo Lavia "kanonirlar"ning asosiy rejasiga kirgan 4-futbolchidir. Ayni dam rahbariyat mazkur transfer ustida ham ishlamoqda. Ular Laviani o‘z tarkibiga qo‘shib olishga yaqin kelmadi, lekin har holda shunga harakat qilishmoqda. "Avliyolar" belgiyalikni qo‘yib yuborishga rozi. Romeo o‘tgan yozda "Manchester Siti"dan sotib olingan va bitimga ko‘ra, uni "shaharliklar" 2024 yilda 45 million funtga qayta sotib olish imkoniga ega. Shu sababli, "Sautgempton" bu yozda yarim himoyachini sotib yubormoqchi. "Arsenal" hali taklif bilan chiqmadi. Klub Rays transferini hal qilganidan keyin Laviaga e’tiborini qaratmoqchi.
Yuqorida aytganimizdek, "Arsenal" transferlar oynasida 200 million funt sarflashi kutilgandi. Ammo bu 4ta futbolchining hammasi londonliklar safiga kelib qo‘shilsa, jamoa byudjetidan 250 million funt ketishi mumkin. Eng qizig‘i, Arteta bu xaridlar bilan cheklanib qolmoqchi emas. U "Lester"dan Barns va Kastanni ham sotib olish haqda o‘ylamoqda. Bu esa "Arsenal"ni ko‘plab futbolchilar tark etishi anglatadi.
Mish-mishlarga quloq tutadigan bo‘lsak, "kanonirlar" safidan bu yozda Parti, Jaka, Patino, Pepe, Lokongo, Xolding, Nuno, Balogun va Jorjinolar ketadi.
Fikrlar