
“Turon” klubi olib borayotgan transfer siyosati qanchalik to‘g‘ri?
Klublarimiz yangi mavsum oldidan o‘z tarkiblarini kuchaytirishga urinyapti. Kerakli futbolchilar safga qo‘shilmoqda, zaxirada qolib ketayotganlar boshqa jamoalardan qo‘nim topyapti.
Ammo hamma ham tarkibni kuchaytiryapti, deyish qiyin. Misol uchun “Turon” klubi.
Yaypanliklar 2022 yilgi mavsumni Pro ligada o‘tkazib, Superligaga yo‘l oldi. Tabiiyki, jamoa kuchlilar safiga mahoratli futbolchilar bilan kirib borishi kerak. Bu o‘rinda “Turon” tarkibida katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Shartnomasi yakunlangan futbolchilar ketdi. Ijaradagilar ortqa qaytdi. Boshqa klublardan o‘yinchilar tarkibga qo‘shildi. Biroq bular bilan “Turon” kuchayishiga ishonish juda qiyin.
Nega? Chunki tarkibga qo‘shilgan aksariyat futbolchilarning jamoasi Pro ligaga yo‘l olgan. Agar ular kuchli futbolchi bo‘lganida “Qo‘qon-1912” va “Lokomotiv” Superligani tark etmagan bo‘lardi. Shunchaki Baxtiyor Ashurmatov o‘zi bilan birga ishlagan, bilgan futbolchilarni “Turon”ga jalb qilmoqda. Lekin bu echim emasligini hamma yaxshi biladi. O‘zbek futbolidagi mana shunday og‘riqli nuqta sabab futbolchi va murabbiylarning birgalikdagi ko‘chib o‘tishi ko‘payadi.
To‘g‘ri, ketganlarning ayrimlari shartnomasi yakunlangan, ijara muddati tugagandir. Biroq ularni olib qolish istagi bo‘lganda, yangi bitim taklif qilish mumkin edi. Har holda ular jamoani yuqori ligaga chiqishiga sababchilardan.
2021 yilgi mavsum “Dinamo” Pro ligadan Superligaga chiqqach, tarkib tubdan o‘zgardi. Xatto murabbiy ham almashdi. Natija nima bo‘lganini ko‘rdik. Buni qarangki, Hakim Fuzaylov “Buxoro”ni qabul qilib, jamoani Superligaga olib chiqdi. Ushbu mutaxassis ketma-ket ikki yil ikki jamoa bilan shu vazifani uddaladi. Samarqandliklarning ishidan to‘g‘ri xulosa qilgan buxoroliklar rahbariyati Fuzaylovni jamoada qolishini bildirdi. To‘g‘rida, mehnatni qilgan murabbiy va futbolchilar yuqori divizionda o‘ynashga haqli.
Agar “Turon” shu transferlar bilan ham ligada zo‘rg‘a jon saqlab qolsa, bu jamoaning mag‘lubiyati demakdir. Bu vazifani o‘tgan yilgi yigitlar bilan ham uddalasa bo‘ladi.
Taqdirni qarang: “Qo‘qon-1912” Pro ligaga tushib ketdi. Qo‘qonliklarni ancha vaqt boshqargan Baxtiyor Ashurmatov Superligaga yaqinlashib qolgan “Turon”ga o‘tib, yana yuqori ligada ishlaydigan bo‘ldi. Muhim pallada kerakli joyda bo‘lish ham bir mahorat.
Bekzod ISAEV
Fikrlar