Usmon Toshev Evropaga ketmoqchi, faqat...

  • 1 mart, 2021, 06:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘qib izlanishdan charchamaydigan Usmon Toshev murabbiylikdan tashqari boshqalarga ushbu kasb bo‘yicha ta’lim berishini yaxshi bilamiz. Shuning uchun u doim futboldagi yangiliklarga juda “o‘ch” va hamisha o‘zining tajribasini sayqallashtirib borishni xohlaydi.

Tecno

Anchadan beri u malakasini oshirish uchun Evropaga borib kelishni rejalashtirib yuribdi. Bu xususida sports.uz muxbiriga shunday dedi:

- Hozir ko‘p joylar yopiq. Lekin albatta Evropaga yo‘l olish rejamda bor. Yangiliklarni ko‘rayotgan bo‘lsangiz, bir qator mamlakatlar karantinni uzaytirishyapti. Shuning uchun ayni damda qaergadir ketishning imkoni yo‘q. Terma jamoamiz misolida aytadigan bo‘lsam, biror-bir Evropa jamoasi bilan o‘ynamoqchimiz. Lekin bordi-keldida muammolar bor. Baribir albatta boraman. Yo‘llar ochilganidan keyin ushbu rejamni amalga oshiraman, nasib qilsa. Ko‘proq Angliya yoki Ispaniyani mo‘ljallab turibman.

Xo‘sh, bu borada nima qiziqtiradi, meni? Hamma murabbiyning o‘ziga yarasha mahorati bor. Masalan, o‘zimda tajriba ko‘p yoki oz demoqchi emasman. Bilasizmi, bilimimdan kelib chiqib ishlayman, hech kimdan nusxa ko‘chirmayman. O‘z ishimdan kelib chiqib, futbolchilarimga ko‘rsatmalarni beraman va ularni o‘rgatib boryapman.

Evropaga nima uchun bormoqchiman? Futbol to‘xtamayapti. Hammada har xil dunyoqarash bor. Futbolga e’tibor ham o‘zgaryapti. Shuning uchun Evropaga borib kelmoqchiman. Qaysi jamoaga borsam ham ularning futbolga e’tibori qanday? Qay tartibda ishlashyapti? Umuman, barcha ikir-chikirlarigacha qanday ishlashayotganini ko‘rib, o‘z ko‘zim bilan guvohi bo‘lmoqchiman. Futbol va futboldan tashqaridagi hayoti qanday? Ko‘ryapsizmi, qiziqtirgan jihatlar ko‘p va barchasiga e’tibor berib, o‘rganib kelmoqchiman. Bu borada o‘zimni qiziqtiradigan ayrim savollarim bor. To‘g‘ri, o‘sha savollarimga o‘zimning javobim bor. Faqat Evropada bu borada qanday ishlashayotganiga ahamiyat bermoqchiman.

Hozirgi paytda u yoki bu murabbiylardan ko‘chiradiganlar bor. Masalan, internet orqali mutaxassislar o‘zining ish uslubini ko‘rsatishyapti. Ayniqsa, “Yutub” orqali mashqlar jarayonlarini ko‘rishingiz mumkin. Boshqalar esa unikidan, bunikidan ko‘chirishadi. Bunday murabbiylarga xorijga borib malaka oshirishning foydasi yo‘q. Chunki uning o‘z fikri bo‘lmaydi. Faqat boshqalardan ko‘chirishni biladi xolos.

Futbol hamma joyda bir xil, faqat ishga bo‘lgan munosabat bo‘yicha farq bor. Masalan, murabbiylarning ish uslublarida ham tafovut bo‘ladi. Chunki har kimning futbolga qarashi turlicha. Agar men bormagan taqdirimda ham o‘zimdagi bilimimdan kelib chiqib ishlayveraman, chunki tanlagan yo‘lim bor. Birortasining ishini ko‘chirmayman. Mana, Tojikiston terma jamoasida ham qilayotgan ishlarimiz oz bo‘lsa ham samara berayotganini ko‘ryapmiz. Men esa Evropa futboli orqali yanada qiziqtirgan masalalarga oydinlik kiritmoqchiman, - dedi Toshev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!