
Vadim Abramov: Kubokda hammaning maqsadi finalga chiqish va "Dinamo"ning ham vazifasi shunday"
Samarqandning “Dinamo” klubi yaqinda “Paxtakor”ni qabul qilib 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va chempionni musobaqadan chiqarib yuborib sensatsiya ko‘rsatdi.
Pro liga vakilining bunday natija ko‘rsatishi albatta ajablanarli va yoqimli ham bo‘ldi. Kuni kecha esa “Dinamo” bosh murabbiyi Vadim Abramov o‘zining tavallud ayyomini nishonladi.
- “Dinamo”ning “Paxtakor” ustidan erishgan g‘alabasi tug‘ilgani kuningizga eng ideal sovg‘a bo‘ldimi?
- Bilasizmi, o‘sha uchrashuvning birinchi bo‘limini ajoyib o‘tkazdik. Ikkinchi bo‘limda esa ancha qiyin bo‘ldi. Baribir biz belgilangan reja asosida harakat qildik va shuning evaziga g‘alabaga erishdik, deb o‘ylayman. Yakuniy natija ko‘ngildagidek bo‘ldi. Aytishim kerakki, jamoamizning avgust oyidagi taqvimi ancha murakkab. Uchta o‘yinni o‘z uyimizda o‘tkazamiz. Safarga boramiz va keyin Kubokning navbatdagi bosqichida “Olimpik”ni qabul qilamiz. Keyin esa Samarqandda “Lokomotiv”ni qabul qilamiz. O‘yinimizni asta-sekin shakllantirib, natijalarimizni yaxshilab boryapmiz. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
- Hamma “Dinamo”ning “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratganini sensatsiya sifatida baholamoqdalar. Siz bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Biror narsa deya olmayman. Barchasi kuzda hal bo‘ladi. Buning uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, oldinga intilishda davom etsak, o‘zimiz uchun hammasi ko‘ngildagidek kechib, ko‘zlagan maqsadga erisha olamiz.
- “Dinamo” “Paxtakor”ni musobaqadan chiqarib yubordi va jamoangizning Kubokdagi asosiy maqsadi qanday?
- Albatta, maqsadimiz bor. Kubok musobaqasida ishtirok etayotgan hamma klublarni o‘z maqsadi bor va shu jumladan bizning ham. “Dinamo”ning Kubokdagi maqsadi aniq. Albatta, bu oson emas. Aniqki, O‘zbekiston Kubogida hamma finalgacha borishni va unda g‘olib chiqishni istaydi. Tabiiyki, “Dinamo”ning ham istagi mana shunday.
- “Paxtakor” “Dinamo”ga yutqazgach, chempionatda o‘z maydonida “Neftchi”ga mag‘lubiyatga uchradi. Nima deb o‘ylaysiz, “Paxtakor” “Dinamo”ga imkoniyatni boy berganidan keyin o‘ziga kela olmayaptimi?
- Bu masalada qandaydir fikr bildirishim qiyin. Chunki klubning ichida nima bo‘layotganini va qanaqa holatdaligini men bilmayman. Lekin shunday holatlar bo‘ladiki, futbolda omadsizlik ketma-ketlikda yuz berishi ham mumkin. Klubda nima bo‘layotganini futbolchilar va rahbariyatdan so‘raganingiz ma’qul. Aytganimdek, futbolda omadsizlik bo‘lib turadi. Eslasangiz, “Paxtakor” chempionat boshidagi dastlabki ikkita turda ham omadsizlikka uchragandi. Shundan keyin “Paxtakor” o‘zini o‘nglab, 1-o‘ringa qayta oldi.
- “Dinamo” pro ligada etakchilardan biri va Superligaga qaytishga tayyormi?
- Chempionat avvalidanoq bizning oldimizga Superligaga qaytish vazifasi qo‘yilgan. Ushbu vazifa hamon o‘z kuchida turibdi. Ishonamanki, yaxshi natijaga erishamiz. “Lokomotiv” peshqadam bo‘lsa, biz 2-pog‘onadamiz. Umid qilamanki, imkoniyatni qo‘ldan chiqarib yubormaymiz. Hali asosiy janglar oldinda, deb o‘ylayman. Barchasi o‘z qo‘limizda. Ishonaman, o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifaga erisha olamiz. Maqsadga erishish uchun jamoadagi barcha birgalashib harakat qilyapmiz. Xudo xohlasa, maqsadimizga erishamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar