Viktor Jalilov "Navbahor"da nimani o‘zgartirdi? 1-davradan keyin tarkib kuchaytirilishi kerakmi? Davron Hoshimov nega maydonga tushmayapti? Futbolchi javob berdi

  • 24 may, 2021, 23:28
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Navbahor” klubi uchun ham mavsum bir tekis o‘tmayapti. Ortda qolgan 9 ta o‘yinda klub endi 2 ta g‘alaba qozondi. Ammo jamoaning oldiga qo‘ygan maqsadlari ulkan va ular bu yo‘lda hali taslim bo‘lmoqchi emas. Tarkib ham shunga yarasha yaxshi ijrochilardan tashkil topgan.

Tecno

Shuni hisobga olsak, namanganliklar safidagi ko‘plab o‘yinchilarni boshqalar o‘z tarkibida ko‘rishni istashadi. Jangovor futbolchilardan biri Davron Hoshimovni ham “Navbahor”da o‘z o‘rni bor. Biroq, oxirgi turlarda jamoasiga yordam bera olmadi. Bu borada u sports.uzga intervyu berdi.

- Ayni paytda milliy terma jamoamiz yig‘in boshlagani sababli Superligada tanaffus yuzaga keldi va bu deyarli bir oy davom etadi. Ayting-chi, bu holat klubdagilarga foydalimi yoki salbiy?

- Barcha klublar bunday tanaffusdan unumli foydalanib, o‘zining kamchiliklarini to‘g‘rilab olish harakatiga tushib qoladilar. Endi futbolchilar ham biroz hordiq chiqaradilar, ya’ni jismoniy va ruhiy tomondan. Bunday paytda murabbiylar ham turli xil taktikalar ustida ishlashadi, deb o‘ylayman. Oldingi o‘yinlarni ko‘rib, xatolarni kuzatishadi, ularni o‘rganib chiqishga ham vaqt bo‘ladi.

- “Navbahor” safida beshta o‘yinda to‘liq ishtirok etgansiz. Ammo oxirgi uchrashuvlarda zaxirada qolib ketdingiz...

- “Paxtakor” bilan o‘yinning oxirlarida jarohat olganman. Hali bu jarohatimdan to‘liq qutulganim yo‘q. Shu boisdan, “Navbahor” ishtirokidagi oxirgi uchrashuvlarda zaxirada edim. Chempionatdagi hozirgi tanaffus esa menga yanada yaxshi bo‘ldi. Endi jarohatimni tiklab, jismoniy tomondan holatimni yaxshilab olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bundan foydalanib qolishim kerak. O‘sha “Paxtakor”ga qarshi bahsda ichki mushaklarimda uzilish bo‘lgan va tiklanish biroz qiyin bo‘layotgandi. Hali 100 foiz tayyor bo‘lmaganim uchun ham “Navbahor”ga yordam bera olmayotgandim. Endi keyingi turlarda yana asosiy tarkibda maydonga tushaman, deb umid qilaman.

davron1_2

- Hozirgi paytda jarohatingizni tiklash jarayoni qanday kechyapti?

- Holatim ancha yaxshi. 100 foiz bo‘lmasa-da, 70 foizga o‘zgargan. Yana bir haftalik muolajalarim qoldi. Shundan keyin “Navbahor” bilan asosiy mashg‘ulotlarga qo‘shilaman.

- “Navbahor” 9-turdan keyin 9-o‘rinda. Albatta, bu jamoani ham, muxlislarni ham qoniqtirmayapti. Buning sababi nimada?

- O‘zingiz ham ko‘rdingiz, klubda murabbiylar almashinuvi bo‘ldi. Jamoaga xorijlik futbolchilar ham keldi. Ammo ozgina tushunmovchilik bo‘ldi, bu nimadan ro‘y berdi, hayronman. Mana, endi jamoa o‘ziga kelyapti. To‘rtta turdan beri yutqazmayapti. E’tibor berdingizmi, 9-o‘rindagi klub bilan 3-pog‘onadagi jamoa o‘rtasida yuz bergan farq ko‘p emas, olti ochkoni tashkil qilyapti. Ikkita o‘yinda yutsak, yana yuqori o‘rinlar uchun kurashadigan jamoalar qatoriga chiqib olamiz. Klub rahbarlari ham bu masalada bizga rosa ruhiy dalda berishmoqda. O‘yinlar orqali jamoa yanada shakllanyapti. Asosiysi, futbolchilarda yana ishonch ortyapti. Birinchi davra tugagunga qadar biz yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz, deb o‘ylayman. Muxlislarimiz yuzini yorug‘ qilamiz. Siz haqsiz, bu “Navbahor”ning o‘rni emas. Hammasi vaqtinchalik holat. 9-o‘rindan albatta yuqori pog‘onalarga chiqamiz. Hozirgi tanaffus jamoamizga ancha foydali bo‘ladi, degan umiddaman. Yangi kelgan murabbiylar shtabi ham bizga ruhiy va jismoniy tomondan yaxshi o‘zgarishlar bo‘lishi haqida ta’kidlashdi.

davron2_1

- Nima deb o‘ylaysiz, birinchi davradan keyin “Navbahor” tarkibi kuchaytirilish shartmi yoki hozirgi holati ham yaxshimi?

- Tarkibimiz yaxshi. Zaxira o‘rindig‘iga o‘yinni kuchaytiradigan yigitlar kerak. Umuman aytganda, jamoamiz uchun ayrim jihatlar bo‘yicha kuchaytiradigan futbolchilar zarur. Ayniqsa, yordami tegadigan o‘yinchilar olish kerak. Hammasini rahbariyat hal qiladi. Ammo shaxsiy fikrimcha, zaxira o‘rindig‘i mustahkam bo‘lishi darkor. Chempionatda muhim o‘yinlar oldinda va Kubok bellashuvlari ham bor. Ammo bizdagi tarkib ajoyib, hammaning o‘ziga yarasha nomi va o‘yini bor.

davron3

- Viktor Jalilov bosh murabbiy bo‘lgach, jamoada nima o‘zgardi?

- Jalilov bilan ilgari ham ishlaganman. U ko‘proq tartibli futbol ko‘rsatishni yoqtiradi. Himoyachilardan xato qilmaslikni va tartibli o‘yinga rioya qilishni talab qiladi. Mashg‘ulotlar paytida ham tartib-intizomni birinchi o‘ringa qo‘ydi. U eski, tajribali mutaxassislardan. O‘zining uslubi va taktikasi bor. Ko‘rsatmalari ustida ishlayapmiz. Viktor Romanovich albatta yaxshi taassurot qoldiryapti. Hali hech nima yo‘qotilgani yo‘q. “Navbahor” yuqori o‘rinlarga munosib.

davron4

- Oxirgi savol: terma jamoada to‘p surgan futbolchi sifatida ayting-chi, ayni paytda tayyorgarlik ko‘rayotgan vakillarimizning Saudiya Arabistonidagi muhim o‘yinlaridan nima kutyapsiz?

- Hammamiz terma jamoamiz uchun muxlislik qilamiz. Oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishlarini tilab qolaman. O‘zbekiston futboli qanchalik yuqoridaligini aynan terma jamoadagi futbolchilarimiz ko‘rsatib berishadi. Bu borada ularga omad tilayman. Saudiyadan yorug‘ yuz bilan qaytib kelishadi, degan umiddaman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!