Xusayn Norchaev: "Neftchi" safida "Nasaf"ga qarshi o‘ynaganimda unchalik yaxshi xissiyotlar o‘tmadi"

  • 12 fevral, 00:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Mamlakatning amaldagi chempion - “Nasaf” yangi mavsumda endi o‘sha chempionlik kamarini munosib himoya qilishi kerak bo‘ladi. Shu bois tarkibini yanada kuchaytirib boryapti va sobiq o‘yinchilarini ham qaytaryapti.

Ulardan biri hujumchi Xusayn Norchaev bo‘lib, futbolchi yana “Ajdarlar” safiga qaytdi.

Bilasiz, aslida “Alaniya”ga tegishli bo‘lgan hujumchi o‘tgan yili “Neftchi”da ijarada o‘ynagandi. 2025 yilda esa u yana “Nasaf”ga qaytdi. Norchaev kuni kecha klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- “Nasaf”ga kelganimdan juda xursandman. Shu erda katta bo‘lib, ilk professional o‘yinlarimni shu erda boshladim. “Nasaf” jamoasidan ko‘p narsani o‘rganganman. Shu sababli bu erga qaytganimdan juda mamnunman. Hamma yaxshi kutib oldi. Bu yil oldimizda yaxshi maqsadlarimiz bor. Xudo xohlasa, hammasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz.

- “Nasaf”da o‘ynab ketgan paytingiz bilan hozirgi jamoa o‘rtasida qanday o‘zgarishlar bor?

- Katta farqi yo‘q. Chunki “Nasaf” katta jamoa va har yili oldiga katta maqsadlar qo‘yib keladi.

- Ushbu mavsumda jamoaning hujum chizig‘ini qanday baholaysiz? Cheran, Xebay, Nurulloev kabi o‘yinchilar qo‘shilishgan...

- Juda yaxshi baholayman. Chunki yaxshi saviyadagi futbolchilar kelishdi. Ancha tajribali va gollarni his qiladigan hujumchilar jam bo‘lishdi.

- O‘tgan mavsumda “Neftchi” tarkibida to‘p surdingiz. “Nasaf”ga qarshi o‘ynaganingizda ko‘nglingizdan qanday xissiyotlar o‘tdi?

- Albatta, unchalik yaxshi xissiyotlar o‘tmadi. Chunki o‘zim katta bo‘lgan jamoaga qarshi o‘ynadim. Biroq biz professionalmiz. O‘zimizni ishimizni qilishimiz kerak.

- Kelajakda jamoaviy va shaxsiy qanday maqsadlarni qo‘ydingiz?

- Xudo xohlasa, bu yil “Nasaf” bilan yana chempionlikni saqlab qolish hamda Elit Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi natija ko‘rsatish maqsadini qo‘yganmiz. O‘z oldimga qo‘ygan maqsadim esa “Nasaf”ga yaxshi foydam tegishidir. Muxlislarga murojaatim, bizni bu yil yaxshi qo‘llab-quvvatlanglar. Nasib qilsa, biz siz kutgan o‘yinni ko‘rsatishga harakat qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!