Yana bir yulduz Saudiyadan Evropaga qaytyapti

  • 20.08.2026 11:18
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Frantsiyalik yarim himoyachi Mussa Diabi yozda Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» klubini tark etishi mumkin. 27 yoshli futbolchining kelajagi borasida vaziyat kutilmaganda o‘zgardi: Goal nashri xabariga ko‘ra, «Bayer» uning transferi yuzasidan saudiyaliklar bilan muzokaralarni qayta tiklagan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Germaniya klubi yozgi transfer oynasi boshidayoq Diabiga qiziqish bildirgan, ammo oradan ko‘p o‘tmay tomonlar o‘rtasidagi muloqot to‘xtab qolgan edi. Endi esa «Bayer» yana bir bor kelishuvga erishishga urinmoqda. Manbaga ko‘ra, «Al-Ittihod» frantsiyalik futbolchiga o‘rinbosar topish bo‘yicha ish boshlab yuborgan.

Diabi 2024 yil yozida «Aston Villa» tarkibidan «Al-Ittihod»ga o‘tgan. Saudiyadagi ilk mavsumiyoq u jamoaga mamlakat chempionligi va Qirol kubogini qo‘lga kiritishda muhim hissa qo‘shgan. Ammo keyinchalik uning samaradorligi va o‘yinga ta’siri sezilarli darajada pasaydi, shu bois futbolchining ketishi mumkinligi haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi.

Mussa Diabi 2019–2023 yillarda «Bayer» sharafini himoya qilgan. Leverkuzen klubini tark etgach, u «Aston Villa»ga yo‘l olgan, shundan so‘ng esa karerasini Saudiya Arabistonida davom ettirgan. Hozirda futbolchining transfer bahosi taxminan 25 million yevro atrofida baholanmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!