Yaxshiboev Belarus chempionligiga munosibmi?

  • 31 oktabr, 2020, 12:12
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yildan e’tiboran, o‘zbekistonlik futbol muxlislari Belarus chempionati oliy ligasini katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda. Bunga o‘zbekistonlik charm to‘p ustalari – Jasur Yaxshiboev va Shahboz Umarovning ushbu mamlakat futbolida o‘z o‘rnini topa olgani sabab bo‘lgani hech kimga sir emas.

Tecno

Har ikki futbolchimiz “Energetik-BGU”dagi o‘yinlari tufayli mamlakatning ikki grand klubi – “Shaxtyor” va BATE bilan shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Jasur birinchi davradan so‘ng, yangi jamoasiga ko‘chib o‘tib, etakchi futbolchiga aylanishga ulgurgan bo‘lsa, Shahboz BATE tarkibiga mavsum yakunlangach, yanvarda ko‘chib o‘tadi.

125948_680_2

O‘zbek futbolchilarining o‘yinidan mamnun bo‘lgan “Energetik-BGU” rahbariyati “Paxtakor”dan yana bir iste’dod egasi Humoyunmirzo Iminovni ijaraga oldi. Iminov ham yosh bo‘lishiga qaramay, yangi jamoasining asosiy o‘yinchilaridan biriga aylanib bormoqda.

Belarusdagi uch futbolchimiz  orasida Jasur Yaxshiboev chempionlik unvonini qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘lib turibdi.  Buning  uchun “Shaxtyor” bugun bo‘ladigan 25-turnirning qoldirilgan uchrashuvida g‘alaba qozonishi shart.  Soligorskliklar safar uchrashuvida “Belshina” bilan raqobatlashadi.

Bobruysk shahridagi o‘yin soligorskliklar uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega va Jasur Yaxshiboev jamoasini faqatgina g‘alaba qoniqtiradi. Agar “Shaxtyor” bellashuvni o‘z foydasiga hal qilsa, birinchi o‘rinda turgan BATE bilan ochkolar orasidagi farqni bittagacha qisqartiradi. Va chempionlik masalasi keyingi uchrashuv – 28-turdan o‘rin olgan “Shaxtyor“ va BATEning o‘zaro raqobatida hal bo‘ladi.

Chunki so‘nggi ikki turda har ikki jamoa ham nisbatan engil raqiblar bilan to‘qnash keladi. Xususan, “Shaxtyor”  o‘rtamiyona klublar – “Rux” va “Minsk” futbolchilariga qarshi maydonga chiqadi. BATE esa aytsayder “Belshina” va oltinchi o‘rindagi “Dinamo-Minsk” bilan o‘ynaydi.

Oliy ligadagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan “Belshina” bugun jon talvasasida “Shaxtyor”dan ochko oladigan bo‘lsa, soligorskliklarning chempionlik orzusi sarobga aylanishi mumkin.  

Shularni hisobga olgan holda, Jasur Yaxshiboev jamoasini bugun o‘ta murakkab va muhim uchrashuv kutib turibdi, deyishimizga asos bor. Shuningdek, o‘zbekistonlik legioner jamoa etakchilaridan biri sifatida ana shunday muhim pallada o‘zini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Jasur Yaxshiboev oliy ligada 12 sentyabrdan beri gol urolmayapti. Uzoq muddat to‘purarlar bahsda yakkapeshqadamlik qilgan hamyurtimiz o‘z mavqeini ashaddiy raqib – BATE hujumchisi Maksim Skavishga boy berib qo‘ydi. Tajribali hujumchi gollari sonini 17 taga etkazib, Jasurdan uchta to‘p farqi bilan oldinga o‘tib ketdi.

000028_22D3CC27BC9424E5432585B10068C838_447764

Umuman olganda, Jasurning legioner sifatidagi faoliyat muvaffaqiyatli chiqmoqda. O‘z vaqtida, “Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladzega kerak bo‘lmay qolgan futbolchimiz Belarusdagi o‘yinlari tufayli yana milliy terma jamoa nomzodlari qatoriga qo‘shildi. O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqarayotgan Vadim  Abramov  Yaxshiboevni o‘tgan oydagi yig‘inga chaqirdi va Eron bilan bo‘lgan o‘yinda o‘zini ko‘rsatishi uchun imkoniyat berdi.

Endi Jasurga muxlislik qilayotgan hamyurtlarimiz uchun esa, Yaxshiboevning mavsumni Belarus chempioni sifatida yakunlashi ayni muddao bo‘lardi. Chunki Belarus chempioniga kelasi mavsumda Evropa Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqi beriladi.

“Belshina” – “Shaxtyor” o‘yini Toshkent vaqti bilan 15:00da boshlanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!