
Yozda "Barsa"da nimalar bo‘ladi, kimlar ketadi?
Kecha nihoyasiga etgan "Jirona" - "Barselona" o‘yinidan keyin "Real" La Ligada muddatidan oldin chempionlikni hal qildi. 2:4 hisobida mag‘lubiyatga uchrgan Xavi shogirdlari ikkinchi davrada ham "Jirona"ga imkoniyatni boy berdi. Mavsum tugashiga esa 4 ta tur qoldi, ya’ni matematik jihatdan kataloniyaliklar "qirollik klubi"ga eta olmaydi. Shu tariqa, "Real" o‘z tarixida 36-bor ushbu sovrinni qo‘lga kiritmoqda.
"Barselona" omadsiz mavsumdan keyin tarkibni qayta qurishni rejalashtirmoqda.
"Diario Sport" nashri xabariga ko‘ra, Xavi jamoaning rivojlanish yo‘nalishini o‘zgartirmoqchi. Joan Laporta, Deku va Rafa Yuste unga to‘liq ishonch bildirishadi.
Kataloniya klubi Ronald Arauxo va Jyul Kunde bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Bundan tashqari "Manchester Siti"dan ijaraga olingan Joau Kanseluni sotib olmoqchi emas. Xavi Inigo Martinesni keyingi mavsumda himoya etakchisi sifatida ko‘rmoqda. Rahbariyat ispaniyalikning bu g‘oyalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Xavi yangi mavsumda yoshlarga tayanishda davom etadi. Joriy mavsumni "Jirona"da o‘tkazayotgan Erik Garsiya jamoaga qaytadi. "Betis"da yaxshi o‘yin ko‘rsatgan Chadi Riadda ham qaytishga yaqin. Qo‘shimchasiga "Barselona B"ning 19 yoshli himoyachisi Mikail Faye ham tarkibga kiritilishi mumkin.
Biroq maydon markaziga tajribali futbolchi kelishi kutilmoqda. Ma’qul variantlar "Bavariya" futbolchisi Joshua Kimmix hamda "Real Sosedad" a’zosi Martin Subimendi bo‘lib turibdi. Oriol Romeuning kelajagi esa noaniq. Futbolchining o‘zi jamoadan ketmoqchi.
Qolaversa, kataloniyaliklar Frenki de Yong bilan xayrlashishga tayyor. Chunki u jamoada besh yildan beri o‘ynab kelmoqda va hali ham undan kutilgan natijani ko‘rsatgancha yo‘q. Maydon markazidagi yoshlar - Pedri va Gavi Xavining ishongan futbolchilar hisoblanadi va ular katta ehtimol bilan sotilmaydi.
Bundan tashqari "ko‘k-anorranglilar" oldingi chiziqqa yuqori saviyalik futbolchilarni jalb qilmoqchi. Asosiy nomzod "Manchester Siti" futbolchisi Bernardu Silva. Joau Felishni "Atletiko"dan sotib olish haqida hali bir qarorga kelinmagan.
Rafiyani sotish varianti ko‘rib chiqilmoqda. Qolaversa, Robert Levandovski allaqachon 35 yoshga to‘lganini hisobga olinib u ham sotuvga qo‘yilishi kutilmoqda.
Fikrlar