
Futbolchilarga qandaydir takliflar bo‘ldimi? Mag‘lubiyatning asosiy sababi va boshqalar haqida - Timur Kapadze
Bugun U-23 Osiyo Kubogi final bahsi o‘tkazildi. O‘zbekiston - Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi bellashuvdan so‘ng matbuot anjumani tashkil etildi. Unda terma jamoamiz ustozi Timur Kapadze ishtirok etdi.
- Bugun g‘alaba qozonib, butun xalqimizni xursand qilmoqchi edik. Ammo buni uddalay olmadik. Buning uchun barchadan uzr so‘rayman. Nasib emas ekan. Albatta, keyingi safar niyatimizga erishamiz, degan umiddaman.
- Mag‘lubiyatga charchoq asosiy sabab, deb o‘ylaysizmi? Etakchilarning o‘yinni qo‘lga ololmagani nima bilan bog‘liq?
- Bu turnirda charchoq, albatta, bilinadi. Lekin futbolchilar borini berib o‘ynadi. Qolaversa, maydonning holati ikkala jamoaga halal berdi.
- Musobaqadan xulosa qanday?
- Jamoani tashkil etishda olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgandi. Biz yosh bo‘lsak ham finalgacha keldik. Shunday ajoyib futbolchilarni bilib oldim. Ular yaxshi harakat qildi. Men ular bilan faxrlanaman. Biz undan ham kuchli bo‘lamiz. Katta tajriba to‘pladik. Albatta, maqsadimizga erishamiz.
- Chempionatda o‘zini ko‘rsatgan qaysi futbolchilaringizni ko‘rsata olasiz?
- Turnirdagi barcha futbolchilar o‘zini ko‘rsatdi. Alohida qaysidir futbolchimni ajrata olmayman. O‘sadigan va yanada kuchli bo‘ladigan tomonlarimiz bor. Bunga e’tibor qaratamiz.
Hozirgi holatimiz yaxshi emas. Ikkinchi o‘rinni olganimiz uchun. Ruhiy tomondan charchadik. Lekin uzoq muddat dam ola olmaymiz. Final tarixga aylandi. Keyingi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Boshqa futbolchilarni ham e’tiborga olamiz.
- Jamoada o‘zini ko‘rsatgan futbolchilardan kimlar e’tiborga tushdi? Skautlar qaysi futbolchilar borasida sizga aloqaga chiqishdi?
- Bunday musobaqalarga hammaning e’tibori qaratiladi. Bu normal holat. Bizning futbolchilarga qanday takliflar bo‘lganidan xabarim yo‘q. Hammaning agenti bor. Biz ularni bu bilan chalg‘itmadik. Bu men bilgan holat.
Fikrlar