Osiyo Futbol Konfederatsiyasining 35-Kongressi bo‘lib o‘tdi

  • 12 aprel, 13:20
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida Osiyo Futbol Konfederatsiyasining 35-Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda OFK Ijroiya Qo‘mitasining Markaziy Osiyo mintaqasi vakili, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov boshchiligidagi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Tadbirda OFK Prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa konfederatsiyaga a’zo milliy va mintaqaviy assotsiatsiyalarni yanada rivojlantirish va Osiyo futbolining kelajagi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

"Biz Osiyo futbolini yanada kuchliroq rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar va o‘zgarishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ushbu yo‘nalishlar va hamkorliklar Osiyo futbolining mustahkam poydevorini yaratishda muhim o‘rin tutadi. Klublar va milliy jamoalar orasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, mintaqaviy musobaqalar orqali futbolni xalqaro maydonda yanada rivojlantirishni rejalashtiryapmiz,"  - dedi OFK prezidenti.

Kongress davomida 2031 yilgi Osiyo Kubogi mezbonligi uchun 7 ta nomzodlar tomonidan ariza berilgani ta’kidlandi. Avstraliya, Hindiston, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Kuvayt, BAA va O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning qo‘shma arizalari — ushbu turnirni yanada jozibador va muvaffaqiyatli tashkil etish imkoniyatlarini yaratadi.

"2031 yilgi Osiyo Kubogi uchun rekord miqdordagi davlatlar ariza berdi, bu Osiyo futbolining global maydondagi ahamiyatini yanada oshiradi," — deya qo‘shimcha qildi Shayx Salmon.

OFK rahbari, shuningdek, Falastin, Myanma va Tailandda yuz bergan tabiiy ofatlar tufayli jabr ko‘rganlarga hamdardlik bildirdi. Kongress davomida, shuningdek, kun tartibidagi boshqa masalalar va tashkilotning hisobotlari tasdiqlandi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!