"Barkamol avlod – 2017" bokschilari Termizda saralandi
Termizda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan "Barkamol avlod – 2017" sport o‘yinlarining boks bo‘yicha saralash musobaqasi yakunlandi.
Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tadigan musobaqaning final bosqichiga yo‘llanma olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan 112 yosh bokschi 49 kilogrammdan 81 kilogrammgacha bo‘lgan 8 vazn toifasida o‘zaro kuch sinashdi.
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda joriy etilgan uch bosqichli sport o‘yinlari jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol avlodni voyaga etkazish, ular qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan musobaqada g‘olib chiqqan 32 sportchi "Barkamol avlod – 2017" sport o‘yinlarining final bosqichiga yo‘llanma oldi.

Fikrlar