Joshua Povetkin bilan Rossiyada urushmaydi
Promouter Eddi Xirnning so‘zlariga ko‘ra, britaniyalik bokschi Entoni Joshua Aleksandr Povetkin bilan Rossiyada urushmaydi. Sababi Povetkin vatanida doping nazorati bo‘yicha muammo keltirib chiqarishi mumkin.
– Joshua Povetkin bilan urushishga tayyor, ammo faqat Buyuk Britaniyada, – deydi Xirn IFL TV telekanaliga. – Entoni Rossiyada jang qilmaydi. Hozirda doping nazorati muammolari oxirigacha hal qilinmagan. Agar rossiyalik sportchi tomoni jangni o‘zlarida o‘tkazishni istasa, biz chempionlik kamarlaridan biridan voz kechishimiz ham mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 38 yoshli Povetkin Joshua egalik qilayotgan Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) kamariga asosiy da’vogar hisoblanadi. Tashkilot mazkur jang bo‘yicha tomonlarning bir qarorga kelishlari uchun 30 kun muhlat bergan. Shuningdek, britaniyalik bokschi hisobida butunjahon boks uyushmasi (WBO) va Butunjahon boks federatsiyasi (IBF) chempionlik kamarlari ham mavjud.

Izohlar (0)