
Lopetegining «Real»dagi «asal oyi» tugadimi?
Asal oyi uzoq vaqt davom etmaydi va Xulen Lopeteginiki ham tugagandek, shekilli. Fakt shuki Ispaniyaning sobiq bosh murabbiyi endi vazifasida qolish uchun qattiq mehnat qilishni boshlaydi. Uning jamoasi mana so‘nggi to‘rt o‘yindirki gol urishga qiynalmoqda, shundan uchtasini esa mag‘lubiyat bilan yakunladi. Basklik murabbiy kechagi «Alaves»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin qattiq bosim ostida qolib ketishi aniq.
«Real» yozda gol mashinasi – Krishtianu Ronaldu bilan xayrlashgach, Karim Benzema va Garet Beyllarning sport formasi va to‘purarlik qobiliyati bilan sobiq etakchisining o‘rni bilinmasligini his qila boshlagandi. Ammo klubning so‘nggi paytdagi o‘yini muxlislarning katta havotirlariga sabab bo‘la boshladi.
Klub prezidenti Florentino Peres kechagi o‘yinni VIP-lojadan turib kuzatdi. Futbolchilar esa klub xo‘jayini ko‘z o‘ngida nafaqat gol ura olmadi, balki Manu Garsiyaning so‘nggi daqiqalarda urgan goli evaziga navbatdagi bor mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi.
Ochig‘ini aytganda «qirollik klubi» nafaqat gol urishga qiynaldi, balki ular yangi etakchilar – Benzema va Beyllarni ham jarohat sabab yo‘qotishdi. Bundan ham yomoni Tibo Kurtuaning yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatosi qimmatga tushdi.
Lopetegi oldingi birinchi raqamli posbon Keylor Navasni tushirayotganida ishlar u kutgandek ketayotgandi. Biroq Peres unga «dunyoning eng yaxshi darvozaboni» bo‘lgan belgiyalikni olib kelayotganini uqtirib qo‘ydi. Uning bu gapi «Chelsi»ning sobiq vakili o‘yinni asosiy tarkibdan boshlashi kerakligini anglatardi.
«Real» esa anti-rekordlarni o‘rnatishda davom etmoqda. «Qaymoqranglilar» 409 daqiqadan beri raqib darvozasini aniq nishonga ololmayapti. Bunday natija 1985-yildan beri birinchi marta qayta takrorlandi.
O‘shanda, «Qirollik klubi» La Ligada beshinchi o‘rinni egallagan. Keyin ular UEFA Kubogini yutishga yo‘l olishgandi. Biroq voqealarning bunday rivojlanishi bugungi kunda qabul qilinmaydi, Lopetegi esa yaqinlashib kelayotgan xalqaro tanaffus vaqtidan keyin shirin joyini tashlab ketishi mumkin.
«Bizga ko‘pincha omad etishmayapti» – dedi Lopetegi o‘yindan keyin. – «Bugun bizda ikki futbolchi jarohat olgan. Biz qiyin vaziyatda ekanimizni bilamiz, biroq hali oktyabr va biz o‘zimizni ko‘rsatamiz. Imkon qadar tezroq g‘alaba qozonishni istaymiz.»
Endi 20-oktyabrgacha o‘yin bo‘lmasligini hisobga olsak, buni klub muxlislari uzoq kutishlariga to‘g‘ri keladi. Bu vaqt balki Beyl, Benzema va boshqa jarohat olganlar – Isko, Marselo va Karvaxallar uchun o‘zlarini tiklab olishlariga etarli vaqt hisoblanar. Ularning so‘nggi uchtasi kechagi bahsni o‘tkazib yubordi.
Natijalarning bunday yomon tus olishi Lopetegiga ikki karra bosim bo‘lmoqda. Unga TV va o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishsiz qolishidan havotir olayotgani yoki yo‘qligi borasida tinmay so‘rashmoqda.
«Biz murabbiylarni bunday vaziyatga majburlashadi. Biroq biz bu haqida o‘ylamaymiz. Biz yaxshi holatda emasligimizni bilamiz. Ammo eng yomoni shuki biz endi etakchidan uch ochko ortga qolishimiz mumkin. Ba’zi futbolchilarimiz o‘zlarini tiklab olishlari kerakligi haqiqat. Sokinlik faqatgina gollar ura boshlaganimizda keladi.»
Agarda kataloniyaliklar «Valensiya» maydonida g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, uch ochko ilgarilab ketishadi. Agarda buning uddasidan chiqa olishmasa, Valverde shogirdlari sakkizinchi turdan keyin ham hech narsani yo‘qotishmagan hisoblanadi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham «Real Madrid» qiyin axvolga tushib qolgan.
Gollarsiz futbolda hech bir jamoa muvaffaqiyatga erisha olmagan. Yozda «Ronaldusiz jamoani qayta kashf qilish – katta chaqiriq» ekanligini ta’kidlagan Lopetegi bu vazifani bajarish qiyin ekanligini tushunib etdi, chog‘i.
Xalqaro tanaffusdan keyin «Levante» va «Viktoriya Plzen»ni uyida qabul qilish o‘zlarini o‘nglab olishga imkon tug‘dirar. Ammo 28-oktyabrda bo‘lib o‘tadigan «El Klassiko» ham yaqinlashib qoldi. Lopetegining «Kamp Nou»dagi erishadigan natijasi uning «Santyago Bernabeu»dagi kelajagiga oydinlik kiritishi aniq. Qiyin kunlar hali oldinda.
Fikrlar