
«Monako»ning inqirozida kim aybdor?
«Monako»ning omadsiz transfer siyosati tufayli klub yangi mavsumda abgor holatga kelib qoldi va Leonardo Jardimning ishi qiyinlashib ketdi.
Yakuni nima bilan tugagani barchamizga ayon. «Monako»ning pulga qurilgan shuhratli loyihasi portugaliyalik mutaxassisning to‘rt yili davomida o‘zini yaxshiroq tomondan ko‘rsatdi. Endi klub va murabbiy o‘zaro kelishuvga ko‘ra shartnomani bekor qildi. So‘nggi 10 o‘yinda birorta g‘alaba qozona olmagan knyazlik klubi bu holatga muhim futbolchilarini sotib yuborish va qisqa kelajak haqida qayg‘urganliklari sabab bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Jardim monegasklar safiga o‘tgunigacha «Braga», «Olimpiakos» va «Sporting»da bir mavsumdan faoliyat yuritgandi. 2014-yil yozida u Klaudio Ranerini almashtirgandi. Biroq Jardimning birinchi mavsumida undan ko‘p narsani kutishmagandi. Chunki o‘sha yozda klubni ikki muhim futbolchilar Xames Rodriges va Radamel Falkaolar tark etishdi. Klub xo‘jayini Dmitriy Ribolovlev Rodrigesni «Real»ga 80 million evroga, Falkaoni esa «Manchester Yunayted»ga ijaraga berib yubordi. So‘nggi to‘rt mavsum ichida klub ushbu siyosatini davom ettirdi. Klub asosiy futbolchilarini sotish orqali 750 million evro ishlab oldi.
Jardimning klub boshqaruviga kelishi bilan u katta ko‘lamdagi ishlarni bajarishning uddasidan chiqdi. Dastlabki mavsumdayoq jamoa 1 Liganing eng mustahkam himoya chizig‘iga ega bo‘ldi. To‘g‘ri ular kam gol urdi, hatto 13-o‘rindagi «Kan» klubidan ham kamroq gol urdi, shunga qaramay ular marraga 3-o‘rinda etib kelishdi. Ular Evropadagi ishtirokini ham ancha omadli o‘tkazishdi. Chempionlar Ligasi guruh bosqichida g‘olib sifatida chiqib nimchorak finalda «Arsenal»ni taslim qildi. Chorak finalda «Yuventus»dan atigi bir gol evaziga yutqazib musobaqa bilan xayrlashgandi.
O‘sha «Monako»da Bernardo Silva, Yannik Karrasko va Antoni Marsyallar jamoaning yarim gollarini urishgandi. Ushbu uchlik 4-3-3 o‘yin sxemasida o‘zlarini suvdagi baliqdek his qilishgandi.
Keyin o‘sha Marsyal, Karrasko, Kondogbia va Leyvin Kurzavalar sotib yuborilgach Jardim jamoani shakllantirishni ijaraga olib kelingan futbolchilar orqali bajarishga majbur bo‘lgandi. Bularga Rikardo Karvalu va Jeremi Tulalanlarni misol qilib keltirish mumkin. Shunga qaramay klub Chempionlar Ligasiga chiqish imkoniyatini yana saqlab qoldi. Ammo tarkib sifat jihatidan biroz tushgandi. Tarkibda faqatgina umidli yoshlar mavjud edi. Toma Lemar, Almami Ture, Temue Bakoyoko va Kilian Mbappelar shular jumlasidan.
Barchani hayratda qoldirib klub 2016-17-yilgi mavsumda 1 Ligani yutib oldi, Chempionlar Ligasida esa yarim finalgacha etib bordi. Ular Evropaning eng yaxshi jamoalaridan biriga aylandi. Lekin yoz vaqtida klub yana eski ishini bajardi. Klub muhim futbolchilarini sotib yubordi. Ularning o‘rniga yosh iqtidor vakillarini olib kelishga urindi.
2016-yil yozida klubga ikki himoyachi Benjamin Mendi va Djibril Sidibelar kelishdi. Ular yosh bo‘lishiga qaramay ancha tajribali edi. Masalan Mendi «Marsel» safida 150 dan ortiq o‘yin o‘ynashga ulgurgandi.
Himoyaga «Torino»dan Kamil Glikning olib kelinishi Karvalyoning yo‘qligini bildirmadi. O‘zini ko‘rsata olmay kelayotgan Jemerson ham moslashib ketdi.
Klubni esa bu safar Mendi, Mbappe va Bakoyoko tark etishdi. Keyta Balde, Kongolo va Telemanslar yosh bo‘lishlariga qaramay frantsuz futboliga moslasha olmadi va ulardan ba’zilari klubni keyinroq tark etishdi.
Muhim futbolchilar yana jamoani tark etganiga qaramay Jardim chempionatni ikkinchi o‘rinda yakunlashning uddasidan chiqdi. Shu yozda Fabino va Lemarlar ham jamoa bilan xayrlashdi. «Monako»ning sport formasi shu tariqa o‘zini yo‘qotib bordi. Jarohatlar ham klubni qiynay boshladi. Lopes, Yovetich va Golovinlar davolanish bilan o‘tkazayotgan bo‘lsa, Glik, Falkao va Sidibelar o‘z saviyalaridan ancha past bo‘lgan o‘yin namoyish qilishmoqda.
Jamoaning o‘rtacha yoshi yuqori bo‘lgan bir paytda ikki yil oldingi qahramonliklarni qayta takrorlashni talab qilish aqlga sig‘maydi. Bu holatda qanday qilib Jardim veteran futbolchilarni ruxlantirishi mumkin?
«Monako» hozirgi holatiga Jardimnng boshqaruvi sababli kelib qolgani yo‘q. Shunchaki klubning transfer siyosati barbod bo‘lgani tufayli kelib qoldi. Yozda portugaliyalik mutaxassisni «Arsenal» va «Real» bilan bog‘lashgandi. Endi uning klubdan ketishi vaqtida Mourino, Niko Kovach va Xulen Lopetegilarning kursisi «qimirlab qolgan» va bu klublardan birortasi Jardimni olib kelishi mumkin. Jardim esa bunga arziydigan murabbiy.
Tarkibda tajribali futbolchilarni saqlab qolishning uddasidan chiqa olmagan «Monako» nafaqat eng yaxshi murabbiyini yo‘qotdi, balki ular moliyaviy muvaffaqiyatlarining qurboniga ham aylanishdi.
Fikrlar