Muxlislar “Uzbek Tigers” g‘alabasiga ishonadi!
Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi – AIBA tomonidan tashkil etilgan The World Series Boxing (WSB) – Butunjahon boks seriyalari musobaqasining nufuzi tobora oshib bormoqda.
Bugungi kunda dunyoning eng kuchli bokschilarini jamlagan ushbu turnirga jamlagani muxlisu mutaxassislarning katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Albatta, ushbu nufuzli turnirda dunyoda etakchilardan hisoblangan o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalarining ishtirok etayotgan hamyurtlarimizning ushbu musobaqaga e’tibori va hurmatini yanada oshirdi.
O‘zbek boks muxlislari “Uzbek Tigers” jamoasining har bir uchrashuvini alohida e’tibor bilan kuzatmoqda. Ayniqsa, jamoamizning uy uchrashuvlarini tomosha qilish uchun kelayotgan muxlislar “O‘zbekiston” sport majuasida jamoani tinimchiz qo‘llab-quvvatlayotgani bokschilarimizni g‘alabaga ilhomlantiradi.
- Muxlislarning bevosita ring atrofida qo‘llab-quvvatlashi bizga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi, - degan edi Olimpiya o‘yinlari chempioni Hasanboy Do‘smatov “Uzbek Tigers”ning rossiyalik bokschilarga qarshi o‘tkazgan uchrashuvi arafasida.
Ertaga "O‘zbek yo‘lbarslari" guruhdagi to‘rtinchi tur uchrashuvini “China Dragons” bokschilariga qarshi o‘tkazadi. Ushbu jangni kuzatishga mamlakatimizning turli hududlaridan boks muxlislari kelmoqda.
- Bokschilarimizning har bir g‘alabasi bizga olam-olam quvonch bag‘ishlaydi, – deydi boks muxlisi Jahongir Narzullaev. - “Uzbek Tigers”ning o‘tgan uchrashuvda kuchli raqib – Rossiya jamoasi ustidan qozongan g‘alabasini televizor orqali ko‘rdim va keyingi jangni bevosita ring atrofida tomosha qilaman, deb ahd qilgandim. Mana “Uzbek Tigers” - “China Dragons”uchrashuvini ko‘rish uchun Qashqadaryodan keldim. Bokschilarimiz barcha ishqibozlarimiz kabi meni ham xursand qilishiga ishonaman.
Darhaqiqat, ertangi uchrashuvga mezbonlik qiladigan “O‘zbekiston” sport majmuasi tomoshabinlar bilan to‘lishi aniq. Demak, hammamiz “Uzbek Tigers” bokschilarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
“Uzbek Tigers” - “China Dragons” uchrashuvi SPORTS.uz axborot portalida onlayn translyatsiya qilinadi.
Fikrlar