O‘zbek bokschisiga finaldagi rossiyalik raqibi bir raund ham turib berolmadi
Qozog‘istonda boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro turnirda o‘zbekistonlik bokschilar ikkita oltin, bitta kumush va ikkita bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Musobaqada o‘ta ohir vazn toifasida ringga chiqqan hamyurtimiz Lazizbek Mullajonovning iqtidori va mahorati barchaning e’tiborini tortdi. Mustahkam himoya, kuchli texnika va o‘ta kuchli zarbaga ega bo‘lgan bokschimizning raqiblari hamyurtimizning zarbalariga bir raund ham dosh berolmadi.
Yarim finalda mezbonlar vakili Ernar Kanatboev birinchi raundning o‘zida taslim bo‘ldi. Oltin medal uchun o‘tkazilgan final bahsida esa Dimitriy Kulik Lazizbekning ketma-ket kuchli zarbalarini o‘tkazib yubordi va ikkinchi raundgacha etib bormadi.
Lazizbek oltin medal sohibi bo‘ldi.
Og‘ir vazndagi yana bir bokschimiz Jamshidbek Muhammadaliev 91 kilogramm vazn toifasida barcha raqibalarini mag‘lubiyatga uchratdi. O‘zbek bokschimi final uchrashuvida qirg‘izistonlik Ilyos Niyozov bilan jang qildi.
Bu bahsda Jamshid raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmay, oltin medalni o‘ziniki qildi.
Og‘irligi 81 kilogramm bo‘lgan bokschilar finalida Temur Ergashev qozog‘istonlik Daulet Esenov bilan kuch sinashdi. Bu jangda hakamlar g‘alabani mezbon bokschiga berishdi.
Ishtirokini yarim finalda to‘xtatgan Zoirjon Jumanazarov va Asadbek Shodiev bronza medal bilan kifoyalandi.

Izohlar (0)